Tovarga to‘g‘ri narx qanday belgilanadi?

Kech bo‘ldi. Atrofdagi barcha do‘konlar allaqachon yopilgan, lekin Alisherning do‘konida hali ham chiroq yonib turardi. U stol atrofida, qog‘ozlarga ko‘milib, mahsulotlarning tannarxini hisoblash bilan band edi.

Yuzida tabassum paydo bo‘ldi: nihoyat, harakatlari natija bera boshladi. U ayrim mahsulotlarning tannarxi qanday o‘zgarganini ko‘rdi. Ba’zi hollarda u optimallashtirilgan xaridlar hisobiga kamaygan bo‘lsa, boshqa hollarda ijara va boshqa xarajatlarning oshishi sababli ko‘tarilgan edi.

Do‘kon yonidan Sanjar uyiga qaytayotgan edi. Yorug‘likni ko‘rib, u do‘stining oldiga kirishga qaror qildi.

— Sanjar, qarang! Men tannarxni hisoblashni o‘rganib oldim! Endi har bir mahsulotning aniq narxi qancha ekanini bilaman, — faxr bilan aytdi Alisher, do‘stiga issiq qahva uzatib.

Sanjar jilmayib bosh irg‘adi:

— Zo‘r! Bu yaxshi boshlanish. Lekin endi oldinga yurish kerak. Navbat narx belgilashga keldi.

— Qanday qilib to‘g‘ri belgilash mumkin? — qiziqib so‘radi Alisher.

Narx belgilash usullari

Sanjar tushuntira boshladi: mahsulot narxini belgilash shunchaki tannarxga ustama qo‘shish emas. Bu strategiya bo‘lib, har xil mahsulotlarga turli yondashuvlar talab etiladi.

— Bir usul — tannarxga asoslangan narxlash, — dedi Sanjar. — Masalan, agar mahsulotning tannarxi 10 000 so‘m bo‘lsa va ustama 30% bo‘lsa, narx 13 000 so‘m bo‘ladi. Bu usul oddiy va xarajatlarni qoplash imkonini beradi, lekin bozordagi raqobatchilar va mahsulot qiymati hisobga olinmaydi.

— Agar mahsulotning qiymatini inobatga olsak-chi? — qiziqdi Alisher.

— Bu boshqa yondashuv — qiymatga asoslangan narxlash, — tushuntirdi Sanjar. — Muhimi, mijoz mahsulotingizda qanday foyda ko‘rayotganini tushunish. Masalan, ekologik toza yuvish vositalari oddiy vositalardan qimmatroq bo‘lishi mumkin, chunki odamlar uning foydali ekanligini bilishadi. Bu usul foydani oshirishga yordam beradi, lekin mijozlarning xohishlarini o‘rganish talab etiladi.

— Raqobatchilar haqida nima deysiz? Bozordagi narxlar ham muhim-ku, — dedi Alisher.

— Albatta, narxni raqobatchilarga asoslanib ham belgilash mumkin, — davom etdi Sanjar. — Masalan, agar qo‘shni do‘konda bankalar 15 000 so‘m tursa, siz ham shu narxda yoki biroz arzonroq sotsangiz, mijozlarni jalb qilishingiz mumkin. Ammo ehtiyot bo‘ling: narx xarajatlaringizni qoplashiga ishonch hosil qiling.

— Narxni mavsumga qarab o‘zgartirish mumkinmi? — o‘ylanib qoldi Alisher.

— Bu talabga asoslangan narxlash deyiladi, — tushuntirdi Sanjar. — Masalan, yozda bankalarga talab yuqori bo‘lsa, narxni oshirish mumkin. Kuzda esa arzonroq sotish orqali ko‘proq mijoz jalb qilish mumkin. Bu usul foydani oshiradi, lekin talabni doimiy tahlil qilib borish kerak.

— Bir nechta mahsulotni birgalikda sotish haqida nima deysiz? — so‘radi Alisher.

— Zo‘r g‘oya! Bu paketli narxlash deb ataladi. Masalan, «banka + qopqoq» to‘plamini maxsus narxda taklif qilsangiz, mijozlar ko‘proq xarid qiladi, siz esa sotishni oshirasiz, — maslahat berdi Sanjar.

Sanjar shuningdek, muvaffaqiyatga erishish uchun bir nechta narxlash usullarini birgalikda qo‘llash mumkinligini ta’kidladi. Masalan, minimal narxni tannarx asosida hisoblash, bozordagi narxlarni o‘rganish va mahsulotning noyobligi uchun qo‘shimcha ustama qo‘shish.

Talab va assortimentni tahlil qilish muhim

— Lekin narx belgilash hammasi emas, — davom etdi Sanjar. — Qaysi mahsulot yaxshi sotilishini va qaysilari do‘kon peshtaxtasida qolib ketayotganini kuzatib borish kerak. Ba’zi mahsulotlar katta foyda keltiradi, boshqalari esa assortiment uchun kerak. Masalan, yuvish vositalari har kuni sotiladi, lekin bezak shamlar kam xarid qilinadi.

— Buni qanday aniqlash mumkin? — so‘radi Alisher.

— Eng oddiy yo‘li — bu hisob tizimidan foydalanish. U sizga sotuvlar, qoldiqlar va har bir mahsulotning foydaliligini kuzatishda yordam beradi. Raqamlar bo‘lmasa, barchasi taxminga aylanib ketadi, — javob berdi Sanjar.

Lokomotiv mahsulotlar

— Yana bir muhim jihat — bu lokomotiv mahsulotlar, — qo‘shimcha qildi Sanjar. — Bular mijozlarni do‘konga jalb qiladigan mahsulotlar. Masalan, non do‘konda shunday mahsulot. Odamlar non olish uchun keladi va yo‘lda boshqa narsalarni ham xarid qiladi. Sizning do‘koningizda bu idish yuvish gubkalari yoki qadoqlash plyonkasi bo‘lishi mumkin. Ularning foydasi minimal bo‘lsa ham, ular har doim mavjud bo‘lishi kerak.

Xulosa

Suhbatdan so‘ng Alisher tushundi: narx belgilash shunchaki ustama qo‘shish emas, balki puxta o‘ylangan strategiya. To‘g‘ri narx belgilash uchun quyidagi jihatlar muhim:

  • Tannarx, talab, raqobatchilar va mahsulot qiymatini inobatga olish
  • Turli toifadagi mahsulotlar uchun mos narxlash usullarini sinab ko‘rish
  • Talab, mahsulot ommabopligi va foydaliligini doimiy tahlil qilish
  • Sotuv natijalarini kuzatish uchun hisob tizimidan foydalanish

Siz mahsulotingiz uchun narxlarni qanday belgilaysiz? Balki yondashuvingizni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgandir? Narxlaringiz xarajatlaringizni qoplab, mijozlarni jalb qilib, foyda keltirishi kerak!

Boshqa Alisher va Sanjar hikoyalarini ham o‘qing:

Tovarlar uchun narxni qanday to‘g‘ri belgilash kerak?

Kassa bo‘shlig‘idan qanday qochish mumkin

Nega rahbar o‘ziga oylik maosh to‘lashi kerak?

Mahsulotlarning tannarxini qanday hisoblash kerak

O‘sish uchun yangi imkoniyatlarni qanday topish mumkin?

Xarajatlarni qanday optimallashtirish kerak

Tushumni foydaga qanday aylantirish kerak

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar