Imkoniyat haqida gap ketganda ko‘pchilik, agar qo‘lida pul bo‘lganida bormi, uni qoyilmaqom qilib ishlatishi mumkinligi borasida yozg‘iradi. Ammo haqiqatda ko‘pgina tadbirkorlar pul oqimini boshqarishda baribir xatoliklarga yo‘l qo‘yadilar.
Biz tadbirkorlarning biznesni pul bilan boshqarishidagi birmuncha ko‘p uchraydigan xatoliklarni to‘pladik.
Pul oqimini rejalashtirmaslik
Kompaniya qanchalik yirik bo‘lsa, uni faoliyatini rejalashtirish shunchalik muhim bo‘lib qolaveradi. Chunki yirik kompaniya o‘z faoliyati davomida pul oqimini boshqarishning qanchalik zarur ekanini tushuna boradi.
Kichik biznes, ko‘pincha rejalashtirish bilan boshini og‘ritib yurmaydi, natijada tez orada pul – tovar sotib olish, xodimlarga oylik maosh to‘lash, ijara qarzlarini to‘lash singari odatdagi vazifalarni ado etishga ham topilmay qoladigan holatga yuz tutadi.
Biz pulning kelishi va ketishi borasida hech bo‘lmaganda 12 oyga reja tuzishni tavsiya qilamiz. Bunday reja pul tugagan vaqtda kredit olish uchun hujjatlar tayyorlash ishini boshlab yuborish vaqti kelganligini bilib olish mumkinligini ko‘rsatib beradi.
Yirik 1-2 ta mijoz bilan munosabatga ustuvorlik bering
Balki, tuxum va korzinka haqidagi hikoyat qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa ajab emas.
Sizning biznesingiz taqdiri bitta-ikkita yirik kompaniya faoliyatiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. Chunki:
• Ish va uning to‘lovlari shartlarini mijoz belgilaydi
• Mijozning ketib qolishi yoki to‘lovlarning kechiktirilishi sizning biznesingizni chippakka chiqarishga olib kelishi mumkin
• Birmuncha mayda mijozlar sizning raqibingizga o‘tib ketishi mumkin va yirik mijozlar o‘rtasidagi to‘lovlar davrida sizning pul oqimingizni qo‘llab-quvvatlamaydi
Barcha pullarni tovarga tikish
Kompaniyada pul oqimi balanslashtirilgan bo‘lishi kerak: pulning bir qismi tovarda, bir qismi joriy operatsiyalarni bajarish (oylik ish haqi, ijara) uchun kassa yoki schetlarda, bir qismi uzoq muddatli investisiyalarga (uskuna va jihozlar, yangi yo‘nalishlarni yaratishga) yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Ba’zida pulning hammasini yo‘nalishlarning biriga, ko‘pincha tovarga sarflashga qiziqish holatlari paydo bo‘lib qolishi mumkin. Ya’ni sizga tovarni yaxshigina chegirma bilan taklif etib qolishadi. Bu holda qaror qabul qilishdan ilgari siz o‘zingizning pul oqimlari rejangizga nazar soling:
• Siz oladigan tovaringizni qanchalik tezroq sota olasiz, u sizda yillab qolib ketmaydimi?
• Boshqa operatsiyalarga qancha mablag‘ qoladi, oylik maoshlarni to‘lashga pul yetadimi?
Kompaniyaning moliyaviy siyosatini ishlab chiqish kerak emasmi?
Kompaniya moliyaviy siyosati boshqa siyosatlarning butun bir majmuini: hisbo-kitob, soliq, tavakkalchilikni boshqarish va boshqalarni o‘ziga jamlaydi.
Kichik biznes uchun moliyaviy siyosatni to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradigan quyidagi bazaviy qoidalardan boshlash mumkin:
• Erkin pul mablag‘larining eng kichik miqdori. Har doim oborotdan schetga fors-mojor operatsiyalariga qancha pul yoki foiz ajratilishi kerak?
• Debitorlik qarzlari bilan ishlash. Debitorlik qarzlarining yo‘l qo‘yib beriladigan miqdori, qarzlarni yopish tartibi
• Ta’minlovchilar bilan ishlash. Ta’minlovchilarning ishonchliligini tekshirish tartibi, yangi va eski ta’minlovchilarga ilgaridan o‘tkaziladigan to‘lovlarning foizi
Bazaviy qoida sizga to‘g‘ri va tez qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Biznes egasining pullaridan tekin foydalanish
Biznes egasining kompaniya oqimiga shaxsiy pullarini qo‘shib yuborishi biznisning boshida ko‘pincha odatdagi hol hisoblanadi.
Lekin, ko‘pincha quyidagi hollar ham uchrab turadi:
• Kompaniya o‘tirib qolmasligi uchun uning egasi dividend pullarini olishdan qo‘rqadi
• Egasi kompaniyaga doimiy tarzda qarz beradi, keyin uni qaytarib ololmaydi
Harqanday biznesning asl maqsadi egasiga foyda keltirishdir.
Agar biznes pul oqimining paydo bo‘lishini barqaror eta olmasa, buning sababini qidirish va bartaraf etish kerak. Odatda buning sababi:
• Noto‘g‘ri olib borilgan moliyaviy siyosat. Pulning qayoqqa ketayotgani yoki ularning bexosdan qayoqdan kelayotganini tahlil etish kerak, moliyaviy qoidani yanada mukammallashtirish zarur
• Intizomning yo‘qligi. Biznes o‘z egasining foizsiz kreditidan foydalanishga o‘rgangan. Bu holda bankdan kredit olishni maslahat beramiz, bu javobgarlik va intizomni yaxshilaydi.
• Biznes so‘na boshladi. Bunday hollarda uni reanimasiyaga olish imkoniyatlarni tahlil etib ko‘rishni tavsiya etamiz. Bunday imkoniyat bo‘lmasa, vaqtni boy bermasdan uni ertaroq yopish kerak.
Korporativ moliyani boshqarish – bu har bir biznes egasi va boshqaruvchi to‘playdigan ilm. Yo bo‘lmasa, har doim sizga hisob-kitoblari va qabul qiladigan qarorlari bilan yordam beradigan yaxshi mutaxassisni yollash lozim.