Hunarmandlar uchun imtiyoz va preferensiyalar
2023 yil 1 iyundan – 2025 yilning 1 yanvariga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katologi”(keyingi o‘rinlarda– Milliy katolog) va ”Turizm sohasida faoliyat yurituvchi hunarmandlar reestri”ga (keyingi o‘rinlarda – reestr) kiritilgan hunarmandlar uchun:
- kalendar’ yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizasiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
- tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kur’erlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini realizasiya qilish uchun faqat Milliy katalog va Reestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etildi:
- hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ijaraga beriladigan davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari (keyingi o‘rinlarda — madaniy meros ob’ektlari) ro‘yxati Madaniy meros agentligi tomonidan shakllantiriladi;
- ro‘yxatga kiritilgan madaniy meros ob’ektlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish markazi tomonidan elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
- madaniy meros ob’ektlarini hunarmandlarga ijaraga berishda auksionga chiqariladigan boshlang‘ich narx amaldagi stavkaga nisbatan 50 foiz miqdorida belgilanadi;
- madaniy meros ob’ektlari hunarmandlarga besh yil muddatga ijaraga beriladi hamda ijara shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilgan taqdirda ijara muddati yana besh yil muddatga, qadimiy sulola davomchilari bo‘lgan kamida uchinchi avlod hunarmandlariga o‘n yil muddatga uzaytirib beriladi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab xorijiy davlatlarda hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, festivallar va konferensiyalarda:
- hunarmandlar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan hunarmandga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsning ishtirokini ta’minlash — «Hunarmand» uyushmasining mablag‘lari hisobidan;
- milliy uslubdagi pavil’onlar yaratish, hunarmandchilik mahsulotlari bo‘yicha targ‘ibot materiallarini tayyorlash va chop etish xarajatlari «Hunarmand» uyushmasining hisob-kitoblariga muvofiq, Jamg‘arma hisobidan qoplab beriladi.
«Hunarmand» uyushmasi har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil uchun hunarmandlarning xorijiy davlatlarda hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, festivallar va konferensiyalarda keng ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.