Soliq bo‘yicha 2022 yilgi o‘zgarishlar

“Yuridik va jismoniy shaxslarni soliq solish   tartibidagi  o‘zgarishlar to‘g‘risida” (30 dekabr’ 2021 yildagi 06/04-01-01-32/2987 – sonli) axborot xabarida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazrligi yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortish  tartibidagi 2022 yildagi  asosiy o‘zgarishlar  to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha:

Tushum hajmidan qat’iy nazar QQS to‘lovchi korxonalar doirasi  quyidagilar  hisobiga kengaytirilmoqda:

•          soliq maslahatchilari tashkilotlari, auditorlik tashkilotlari va notijorat (shu jumladan byudjet) tashkilotlari hisobiga kengaytirilmoqda. Bunda notijorat tashkilotlari faqatgina tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan taqdirda QQS to‘lovchisi hisoblanadilar.

•          Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari QQS to‘lashi lozim bo‘lgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydoni ellik gektardan yigirma besh gektargacha pasaytirilmoqda.

Quyidagilar bo‘yicha  imtiyozlar bekor qilinmoqda:

•          jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari xizmatlari (byudjet

tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan jismoniy tarbiya va sport

xizmatlari bundan mustasno);

•          qiymati qat’iy summada belgilangan bank operatsiyalari.

Moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga bir oyda bir marta hisobvaraq-fakturani taqdim etish huquqi berildi. Shu munosabat bilan Soliq kodeksida ular uchun xizmatlar ko‘rsatilgan kalendar oyining oxirgi kuni tovarlarni (xizmatlarni) realizasiya qilish bo‘yicha aylanmani amalga oshirish sanasi deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Ilgari tovarlarni (xizmatlarni) olish chog‘ida hisobga olish uchun qabul qilingan, QQS summasiga tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan holatlar ro‘yxati kengaytirildi. Ushbu tovarlar soliq organlarida hisobga qo‘yilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki bepul foydalanilayotgan ko‘chmas mulk ob’ektlarida saqlanganda ham hisobga olingan QQSga tuzatish kiritiladi.

Eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) QQS summasini soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvarag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat’i nazar hisobga olish tartibi belgilandi.

Ushbu norma oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan intizomli soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.

Tovarlar «eksport» bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kalendar’ kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga kelib tushmagan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan summasi yoki uning mos qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini o‘rnini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinmoqda.

Soliq to‘lovchi o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasini qaytarishga doir soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini bu haqda xabardor qilgan holda, soliqning salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) uchun murojaat qilish huquqiga ham ega bo‘ladi.

Barcha toifadagi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uchun yagona soliq davri etib bir oy belgilanmoqda.

Foyda solig‘i bo‘yicha


Soliq to‘lovchilarga soliq kodeksida belgilangan me’yorlardan past miqdorlarda,  ya’ni buxgalteriya to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan amortizasiya  hisoblash huquqi berilgan.

Amortizasiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) amortizasiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromaddan uning qoldiq qiymatini chegirib tashlash orqali aniqlanadi.

2020 yil 31 dekabr’ holatiga ko‘ra soliq to‘lovchida mavjud bo‘lgan amortizasiya qilinadigan aktivlarning qoldiq qiymati bunday amortizasiya qilinadigan aktivlarning boshlang‘ich (tiklanish) qiymati va 2021 yil 1 yanvargacha hisoblangan (jamg‘arilgan) amortizasiya summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi. 2020 yilning 31 dekabridan keyin ishga tushirilgan amortizasiya qilinadigan aktivning qoldiq qiymati uning boshlang‘ich qiymati va soliqni hisoblab chiqarish maqsadida hisoblangan (jamg‘arilgan) amortizasiya summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

Amortizasiya normalarini oshirish bilan bir qatorda bir martali investisiyaviy chegirmalar (amortizasiya mukofotlari) miqdori binolar

uchun 5 foizdan 10 foizgacha, yangi texnologik uskunalar uchun esa 10 foizdan

20 foizgacha oshirilmoqda. Investision chegirma amortizasiya qilinadigan aktivning boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qo‘llaniladi va amortizasiya xarajatlari sifatida aks ettiriladi.

Amortizasiya qilinadigan aktiv u bo‘yicha investisiyaviy chegirma qo‘llanilgan sanadan e’tiboran uch yil ichida realizasiya qilingan, bepul berilgan va boshqacha tarzda chiqib ketgan taqdirda, investisiyaviy chegirmaning amal qilishi bekor qilinadi (bundan amortizasiya qilinadigan aktivning favqulodda vaziyatlar tufayli chiqib ketishi mustasno). Bu holatda, bunday aktivning chiqib ketishi ro‘y bergan hisobot (soliq) davrida investisiyaviy chegirma jamg‘arilgan amortizasiya summasiga kamaytiriladi.

Zararlarni joriy soliq davri soliq bazasining 60 foizidan ortiq

bo‘lmagan miqdorda 10 yil mobaynida kelgusiga o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinmoqda.

O‘quv-tarbiya muassasalariga yoki yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga moddiy yordam ko‘rsatishga xarajatlar chegiriladigan xarajatlar deb hisoblanadi.

Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentning soliq to‘langandan keyin o‘z tasarrufida qoladigan sof foydasi dividendlarga tenglashtiriladi va 10 foiz soliq stavkasi bo‘yicha soliqqa tortiladi.

Sof foyda deganda jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq tushuniladi. Bunda joriy soliq davri uchun sof foyda ayni bir doimiy muassasa doirasida avvalgi soliq davrlarida ko‘rilgan zararning (zararlarning) umumiy summasiga, basharti ilgari bunday zarar (zararlar) sof foydani aniqlashda hisobga olinmagan bo‘lsa, kamaytiriladi.

Foyda solig‘ini hisoblashda ijobiy va salbiy kurs farqlarini aniqlash tartibi belgilanmoqda.

Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkni va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-mulkni qo‘shimcha baholashda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarning qiymatini pasaytirishda yuzaga keladigan kursdagi farq ijobiy farq deb e’tirof etiladi.

Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkning va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-mulkning qiymatini pasaytirishda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarni qo‘shimcha baholashda yuzaga keladigan kursdagi farq salbiy farq deb e’tirof etiladi.

Bunda, berilgan (olingan) bo‘naklarni qayta baholashdan yuzaga keladigan kursdagi ijobiy (salbiy) farq soliq solish maqsadlarida hisobga olinmaydi.

Soliq organlariga agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past bo‘lsa aynan qo‘shilgan qiymat solig‘i kabi foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasiga tuzatish kiritish huquqi berilmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha Soliqqa tortilmaydigan daromadlar tarkibi quyidagilar hisobiga kengaytirilmoqda:

•          yosh oila bo‘lgan er-xotinning olgan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqiga va boshqa daromadlari. Ushbu soliq imtiyozi er-xotin yoki ulardan biri belgilangan yoshga to‘lguniga qadar, Soliq kodeksida xonadonlarning qiymati va byudjetdan ajratilgan subsidiyalar bo‘yicha belgilangan shartlar inobatga olinmagan holda qo‘llaniladi;

•          soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan ish haqi summalari va boshqa daromadlari;

•          soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari;

•          soliq to‘lovchining soliq davri davomida bazaviy hisoblash miqdorining 8-baravarigacha bo‘lgan miqdordagi xalqaro tashkilotlarga a’zolik badallari hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga yo‘naltirgan ish haqi summalari va boshqa daromadlari.

Ijtimoiy soliq bo‘yicha

“Hunarmand” uyushmasi a’zosi bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari ijtimoiy soliqni har oyda to‘lashdan bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda majburiy to‘lovlarni to‘lashga o‘tkazilmoqda.

2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha:

Mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarishda bino va inshootlar bo‘yicha soliq bazasi (liniyali ob’ektlar va tugallanmagan qurilish ob’ektlari bundan mustasno) bu ob’ektlarga 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emasligi bo‘yicha quyidagi miqdordagi tartib kiritilmoqda:

•          Toshkent shahrida – ikki million besh yuz ming so‘m;

•          Nukus shahrida va viloyat markazlarida – bir million besh yuz ming so‘m;

•          boshqa shaharlarda va qishloq joylarda – bir million so‘m. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari belgilangan minimal qiymatga, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi koeffisient kiritishi mumkin.

Agar ob’ektning 1 kv. metri qiymati belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lsa, soliq to‘lovchi ko‘chmas mulk ob’ektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirish uchun baholovchilarni jalb etishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida e’tirof etiladi.

Agar baholash natijalari qiymati 1 kv.metr uchun belgilangan minimal qiymatdan ko‘p bo‘lib chiqsa, ushbu holda soliq to‘lovchilar soliqni hisoblab chiqish maqsadida, 1 kv.metr uchun belgilangan minimal qiymatni qo‘llash huquqiga ega.

Soliq to‘lovchilarga quyidagi huquqlar beriladi:

a) 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani 2022 yil 1 fevralga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlariga 1 kv.metr minimal qiymat miqdorini hisobga olmagan holda, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani 2022 yil 1 aprelga qadar, penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasini qo‘llamasdan taqdim etish.         Soliqning bir qismini to‘lash ham 2022 yilning 1 fevraliga qadar amalga oshiriladi.

Bunda, soliq to‘lovchilar 2022 yil 1 fevralga qadar kadastr organlari bilan ko‘chmas mulk ob’ektlari maydonlarini taqqoslashni amalga oshirish, shuningdek ko‘chmas mulk ob’ektlarini mustaqil baholash o‘tkazish rejalashtirilganligi to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilishlari shart;

b) 1 kv. metr ob’ektning qiymati belgilangan minimal qiymatdan kam bo‘lgan taqdirda, ko‘chmas mulk qiymatini 2022 yil 1 oktyabrga qadar mustaqil baholashni o‘tkazish, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnomani, shuningdek mustaqil baholash natijalarini mustaqil baholash yakunlangandan keyin 30 kun davomida soliq organlariga taqdim etish.

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga pasaytirilmoqda. Shuningdek, normativ muddatda tugallanmagan qurilish ob’ektlariga nisbatan soliq stavkasi 4 foizdan 3 foizga kamaytirilmoqda.

Yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasini bazaviy soliq stavkasiga bosqichma-bosqich yetkazish davom etmoqda. Buning uchun Soliq kodeksining 415-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan ob’ektlarga nisbatan belgilangan pasaytirilgan soliq stavkasi 0,4 foizdan 0,5 foizgacha oshirilmoqda. Yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasi avval soliq imtiyozlari berilgan ob’ektlarga nisbatan 2020 yil 1 yanvardan kiritilgan.

Yangi neft’ va gaz quduqlarini, ularni foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu soliq imtiyoz amal qilish muddati yakunlangandan keyingi uch yil davomida mazkur quduqlarga nisbatan belgilangan soliq stavkasining 50 foizga kamaytirilgan stavkasi qo‘llaniladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha

Turar joy fondi ob’ektlariga, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylariga 2021 yilda amal qilgan soliq stavkalari 1,1 baravarga indeksasiya qilinmoqda. Bunga jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan 2018 yilda belgilangan soliq solish ob’ektlarining (soliq bazasining) kadastr qiymatining miqdori saqlab qolinganligi sabab bo‘lmoqda.

2022 yilda jismoniy shaxslar uchun 2018 yilda belgilangan kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblangan soliq miqdori, 2021 yil uchun hisoblangan soliq miqdoridan 1,3 baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda. Ushbu imtiyoz yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ular yigirma uch yoshga to‘lgunga qadar davlat tomonidan ajratilgan turar-joy xonalariga tatbiq etiladi.

Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha

Amalda har choraklik bo‘lgan soliq hisoboti davri har oylikka o‘tkazilmoqda.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tish tartibi aniqlashtirilmoqda:

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar qaysi sana oldinroq kelishiga qarab, ular import shartnomasi tuzilgan yoki tovarlarni olib kirilgan (import qilingan) sanadan boshlab;

aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi va (yoki) foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, benzin, dizel’ yoqilg‘isi va gazni realizasiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, lotoreyalarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, alkogol’ mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari va soliq maslahatchilari tegishli ruxsatnomalar (lisenziyalar)ni olgan yoki faoliyatini boshlaganligi to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilgan sanadan boshlab;

yuridik shaxslar — qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydoni mavjud bo‘lsa, ko‘rsatilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yoki uning maydoni o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxatga olingan sanadan boshlab;

oddiy shirkat ishlarini yuritish o‘z zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxsga – oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat bo‘yicha oddiy sheriklik shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab;

bozorlar va savdo komplekslari, notijorat tashkilotlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan, byudjet tashkilotlari esa tashkil topgan sanadan e’tiboran to‘lashga o‘tadi.

 Soliq organlariga, agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq bazasiga tuzatish kiritish huquqi berilmoqda, aynan qo‘shilgan qiymat solig‘idagidek.

Boshqa o‘zgarishlar

2022 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar bekor qilinmoqda:

•          “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi doirasida alkogol’ va tamaki

mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan yig‘im;

•          avtotransport vositalarini sotib olganlik va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yig‘imlar bo‘yicha 2021 yil 15 avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar bo‘yicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi berilmoqda.

2022 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga (bundan davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar, yer qa’ridan foydalanuvchilar va aksiz osti mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mustasno) umumiy maydoni 1 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yer uchastkalariga va (yoki) bino va inshootlarga nisbatan huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishda qo‘lga kiritganda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan soliqlarni to‘lashni olti oy muddatga kechiktirish huquqi berilmoqda.

Kechiktirilgan soliqlar summasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer uchastkalari, bino va inshootlar qiymatidan va (yoki) maydonidan kelib chiqib hisoblangan soliqlar miqdorida belgilanadi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar