2025-yil noyabr oyidan boshlab Markaziy bankning 2021-yil 3-apreldagi 3294-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (keyingi o‘rinlarda — YaTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar (keyingi o‘rinlarda — O‘O‘B) uchun biznes bank kartalaridan foydalanish qoidalari joriy etildi.
Biznes-karta nima
Biznes bank kartasi — uning saqlovchisiga, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish imkonini beradi.
Bank kartasining saqlovchisi hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
- shartnoma, xizmat safari, xo‘jalik va boshqa xarajatlar uchun pul mablag‘larini karta hisobvarag‘iga kirim qilish va ushbu xarajatlarni karta hisobvarag‘idan naqd pulsiz tartibda to‘lash;
- bank kartasining emitenti bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan va tegishli karta hisobvarag‘idan amalga oshirish uchun ruxsat etilgan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish.
Biznes-kartadagi pul mablag‘larini nimalarga sarflash mumkin
YaTT va O‘O‘B milliy valyutadagi biznes bank kartalaridan foydalangan holda naqd pul mablag‘larini olishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarish faoliyati, savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish bilan bog‘liq to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning chet el valyutasidagi bank kartalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida nosavdo tusdagi valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida foydalanilishi mumkin.
Xarajatlar bo‘yicha qanday hujjatlar kerak
Biznes-karta orqali to‘lov amalga oshirilganda hisobot hujjatlari sifatida to‘lov terminallari kvitansiyalarining asl nusxalari, shuningdek, elektron tijorat tomonlarini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar, invoys (hisob-faktura) hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar xizmat qiladi.
Biznes-kartani qanday to‘ldirish mumkin
Biznes-kartani istalgan talab qilib olinguncha depozit, kredit (ssuda) yoki tranzit hisobvarag‘idan to‘lov topshiriqnomasi asosida to‘ldirish mumkin.
Karta hisobvarag‘idagi sarflanmay qolgan mablag‘larni talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga qaytarish to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshiriladi.
YaTT va O‘O‘B faoliyati tugatilganda uning karta hisobvarag‘idagi sarflanmay qolgan mablag‘lar talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.