2026-yil 29-sentabrdagi PF-209-son Farmonga asosan, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda ish beruvchilarning buyurtmalari asosida oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlashning yangi tizimi – dual ta’lim joriy etiladi.
Korxonalar bo‘lajak xodimlarni tayyorlashda ishtirok etishi, o‘qishga nomzodlarni tanlashi va o‘z biznesining xususiyatlarini yaxshi biladigan mutaxassislarni tayyorlashi mumkin bo‘ladi.
Dasturda ishtirok etuvchi kompaniyalar uchun davlat subsidiyalari, bojxona imtiyozlari, davlat xaridlarida preferensiyalar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan.
Dual ta’lim nima?
Dual ta’lim – bu talaba bir vaqtning o‘zida universitetda nazariy bilim olib, korxonada amaliy tayyorgarlikdan o‘tadigan ta’lim shaklidir.
Yangi tizimga muvofiq:
- O‘quv jarayonining nazariy qismi kamida 30 foizni tashkil etadi va oliy ta’lim tashkilotida olib boriladi.
- O‘quv jarayonining qolgan amaliy qismi bevosita korxonada tashkil etiladi.
- Har bir talabaga murabbiy biriktiriladi.
- Korxona talabaga har oy ish haqi to‘laydi.
- O‘qishni tamomlagandan so‘ng talaba korxonada kamida ikki yil ishlab berishi shart.
Shunday qilib, ish beruvchi o‘z biznesining aniq ehtiyojlariga mos mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Korxona dasturda qanday ishtirok etishi mumkin?
Korxona o‘zi tanlagan nomzodni kirish imtihonlarisiz o‘qishga yo‘llanma asosida yuborishi yoki saralash imtihoni natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilinadigan talabalarni tayyorlash bo‘yicha buyurtma berishi mumkin.
Dual ta’lim nafaqat yangi mutaxassislarni jalb qilish, balki amaldagi xodimlarni rivojlantirish uchun ham yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Masalan, korxona amaliy tajribaga ega bo‘lgan, biroq tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot olishni istagan o‘z xodimini o‘qishga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Bunda amaldagi xodimlarni o‘qishga yuborish va ta’limni ularning joriy mehnat majburiyatlari bilan birga olib borish tartibi Farmonda alohida belgilanmagan.
Ishtirok etishning asosiy shartlari:
- Oliy ta’lim tashkiloti, korxona va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
- Ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
- Korxona amaliy tayyorgarlikni tashkil etadi va talabaga murabbiy biriktiradi.
- Ish beruvchi talabaga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘laydi.
- Universitetni tamomlagandan so‘ng talaba korxonada kamida ikki yil ishlab berishi shart.
Korxonalar uchun qanday imtiyozlar nazarda tutilgan?
2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.
Talabalar ish haqining 50 foizini qoplash
Davlat muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi ta’lim sohalari va yo‘nalishlarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun korxonalarning ish haqi xarajatlarining 50 foizini qoplaydi.
Subsidiya o‘quv yili yakunida taqdim etiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida qo‘shimcha ballar
Dual ta’lim shakliga qabul qilingan talabalar soniga qarab, korxonalar 5 balldan 10 ballgacha qo‘shimcha ball olishlari mumkin.
Davlat xaridlarida preferensiyalar
Davlat xaridlarida ishtirokchilar takliflarini baholashda korxonalarga 5 foizdan 15 foizgacha preferensiyalar beriladi. Ularning miqdori dual ta’lim shakliga qabul qilingan talabalar soniga bog‘liq.
1 foizlik bojxona boji
2030-yil 1-yanvarga qadar korxonalar oliy ta’lim tashkilotlari hududida amaliy tayyorgarlikni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan jihozlar, uskunalar va laboratoriya jihozlarini olib kirishda 1 foizlik bojxona boji stavkasini qo‘llashlari mumkin.
Agar qonunchilikda bojxona bojidan to‘liq ozod qilish nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu ozod qilish qo‘llaniladi.
Tezlashtirilgan amortizatsiya
Korxonalarga dual ta’lim dasturi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun xarid qilingan o‘quv uskunalari va jihozlarga nisbatan 3 yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiyani qo‘llash huquqi beriladi.
Tadbirkorlar nimalarga e’tibor berishlari kerak?
Dual ta’lim biznesga bir vaqtning o‘zida ikkita vazifani hal qilish imkonini beradi: kompaniya ehtiyojlariga mos yangi mutaxassislarni tayyorlash va o‘z xodimlarini rivojlantirish.
Biroq dasturda ishtirok etish ta’lim xarajatlarini qoplash, talabalarga ish haqi to‘lash va amaliy tayyorgarlikni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, ayrim imtiyozlar talabalar soni va ta’lim yo‘nalishiga bog‘liq. Masalan, ish haqi xarajatlarining 50 foizini qoplash faqat muayyan sohalar uchun nazarda tutilgan.
Shu sababli dasturda ishtirok etishdan oldin tadbirkorlar mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni, ularni tayyorlash xarajatlarini va mavjud davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini baholashlari maqsadga muvofiq.
Kichik biznes dual ta’limda ishtirok etishi mumkinmi?
Farmonda korxonaning dasturda ishtirok etishi uchun xodimlarning eng kam soniga doir umumiy talab belgilanmagan.
Demak, dual ta’lim nafaqat yirik ishlab chiqarish kompaniyalari, balki o‘z mutaxassislarini tayyorlashdan manfaatdor bo‘lgan kichik korxonalar uchun ham istiqbolli bo‘lishi mumkin.
Yangi qoidalar qachondan amal qila boshlaydi?
Quyidagi muddatlar nazarda tutilgan:
- 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab: dual ta’lim tizimi asosida, jumladan, olti oygacha davom etadigan yoki kombinatsiyalashgan jadval bo‘yicha amaliyotlarni tashkil etish.
- 2027-yil 1-yanvardan: korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish va murabbiylarni tayyorlash uchun maxsus kurslarni tashkil etish.
- 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab: bitiruvchilarni keyinchalik ishga qabul qilish sharti bilan ish beruvchilar buyurtmalari asosida dual oliy ta’lim tizimini joriy etish.
- Har yili 1-avgustga qadar korxonalarning kadrlar tayyorlash bo‘yicha buyurtmalarini yig‘ishni tashkil etish nazarda tutilgan. 1-oktabrga qadar esa korxonalar va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida amaliyotlarni o‘tkazish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish belgilangan.
Maqola muallifi Yevgeniya Son,
sertifikatlangan auditor,
Yaran Consulting buxgalteriya kompaniyasi rahbari.