Soliq amnistiyasi – bu soliq huquqbuzarligi uchun belgilangan moliyaviy sanksiyalardan keng doiradagi soliq to‘lovchilarning ozod etilishi, soliq to‘lovchilarga qonunchilik asosida belgilangan to‘lov muddati o‘tib ketgan soliq qarzdorliklarini jarima sanksiyalari va jazoning boshqa turlarini qo‘llamagan holda bartaraf etish.
Prezidentning 2024 yil 14 iyundagi PQ-192 qaroriga asosan tadbirkorlar uchun quyidagi soliq yengilliklari ko‘zda tutilgan:
Qarzdorliklarni hisobdan chiqarish:
- 2023 yil 1 iyun’ holatiga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (noturar ko‘chmas mulk ob’ektlari bundan mustasno) bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;
- 2023 yil 1 iyun’ holatiga oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;
- 2023 yil 1 iyun’ holatiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llanilgan jarimalar summasi. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikning vujudga kelish muddati 2023 yil 1 iyundan boshlab yangidan hisoblanadi.
Soliqlarni to‘xtatib turish:
- Yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ining uch karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibini 2024 yil 1 iyunga qadar to‘xtatib turish.
- Fermer xo‘jaliklariga 2023 yil 1 iyun’ holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini o‘n ikki oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib to‘lashga ruxsat etildi.
Daromad solig‘ini qaytarish
2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda respublika byudjetidan tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etildi:
- har bir besh sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligini ta’minlash;
- har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;
- issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.