2026-yil iyun oyidan kichik biznes uchun nimalar o‘zgaradi: yangi daromad limiti va soddalashtirilgan QQS

Kichik biznes uchun eng kutilgan o‘zgarishlardan biri umumiy belgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tish uchun daromadning cheklangan miqdori oshirilgani bo‘ldi.

2026-yil 26-maydagi Prezidentning 100-son Farmoniga asosan umumiy belgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tish uchun daromadning cheklangan miqdori oshirildi.

2026-yil 1-iyundan boshlab daromadning cheklangan miqdori 12 000 BHMni tashkil etadi. Bugungi kunda bu 4 944 000 000 so‘mga teng (hozirgi BHM – 412 000 so‘m).

Ayniqsa quvonarlisi shundaki, endi limit qat’iy summada emas, balki bazaviy hisoblash miqdorlarida (BHM) belgilangan.

Avval ushbu chegara 1 mlrd so‘mni tashkil etgan va o‘zgarmagan. Shu sababli har yili tobora ko‘proq korxonalar umumiy belgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tishga yoki biznesni bo‘lishga majbur bo‘lgan.

2026-yil uchun limitni qanday hisoblash mumkin?

Bugungi kunda 2026-yil uchun chegarani hisoblash masalasi bo‘yicha rasmiy tushuntirishlar hali mavjud emas.

Biroq, agar yangi tashkil etilgan korxonalar uchun allaqachon qo‘llanilayotgan va Soliq kodeksining 462-moddasida nazarda tutilgan yondashuvdan foydalanilsa, hisob-kitob yil davomida ishlangan oylar soniga mutanosib ravishda amalga oshirilishi mumkin.

Bunday holda:

2026-yil yanvar–may oylarida avvalgi limitning bir qismi – taxminan 416 mln so‘m hisobga olinadi;

iyun–dekabr oylarida esa yangi limitning bir qismi – taxminan 2,8 mlrd so‘m hisobga olinadi.

Shunday qilib, 2026-yil uchun hisoblangan chegara taxminan 3,3 mlrd so‘mni tashkil qilishi mumkin.

Shuni tushunish muhimki, bu faqat hisoblashning ehtimoliy variantidir. Ushbu masala bo‘yicha yakuniy pozitsiyani soliq organlari tasdiqlashi lozim.

QQSni hisoblash va to‘lashning yangi soddalashtirilgan tartibi

Yana bir muhim o‘zgarish savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalarga taalluqlidir.

2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvargacha tadbirkorlik subyektlariga, ularning asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan taqdirda (ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno), qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqi beriladi.

Yangi tartib nimani nazarda tutadi?

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:

(a) qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;

(b) foyda soligʻi stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

(v) sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi berilmaydi;

(g) soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan:

(i) qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va toʻlangan soliqning bir qismini qaytarib berish tartibi qoʻllanmaydi;

(ii) qoʻshilgan qiymat soligʻining mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi;

(d) mazkur tartibdagi tadbirkorlik subyektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Soddalashtirilgan QQSga qanday o‘tish mumkin?

Bunda:

(a) tadbirkorlik subyektlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish yoki uni qoʻllashdan voz kechish xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi;

(b) qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibidan umumbelgilangan tartibga oʻtilganda, soliq toʻlovchi bunday oʻtish sanasida oʻz balansida mavjud boʻlgan tovar-moddiy zaxiralar va uzoq muddatli aktivlar qoldiqlarining balans qiymatida hisobga olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini belgilangan tartibda hisobga olish huquqiga ega boʻladi.

Yangi tartib kimlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin?

O‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin nafaqat soliq stavkalarini, balki biznesingiz xarajatlari tuzilmasini ham baholash muhim.

Rejimlar o‘rtasidagi asosiy farqlar quyidagi jadvalda keltirilgan:

Ko‘rsatkichOddiy QQSSoddalashtirilgan QQS
QQS stavkasi12%6%
Foyda solig‘i15%0%
Foyda bo‘yicha hisobotMavjud Mavjud emas
Kirim QQSni hisobga olishMavjud Mavjud emas
Xaridor QQSni hisobga olishi mumkinHaHa

Soddalashtirilgan QQS siz uchun foydalimi yoki yo‘qligini qanday aniqlash mumkin?

Eng oddiy usul — 2025-yil yoki 2026-yilning birinchi choragi ma’lumotlarini olib, yangi qoidalar bo‘yicha soliq yukini qayta hisoblash.

Bunday hisob-kitob amaldagi rejim va QQSni to‘lashning yangi tartibi o‘rtasidagi haqiqiy farqni ko‘rsatib beradi.

Qachon o‘tish foydasiz bo‘lishi mumkin?

Past ustama bilan ishlaydigan savdo kompaniyasi misolini ko‘rib chiqamiz.

Masalan, past ustama bilan ishlaydigan savdo kompaniyasi.

Faraz qilaylik:

tovar xaridi — 112 mln so‘m (shu jumladan 12 mln so‘m QQS);

sotuv — 125 mln so‘m.

Oddiy QQSda:

chiqim QQS = 15 mln so‘m;

kirim QQS = 12 mln so‘m;

to‘lanadigan QQS = 3 mln so‘m.

Soddalashtirilgan QQSda:

125 × 6% = 7,5 mln so‘m.

Bunday vaziyatda yangi rejim kamroq foydali bo‘lishi mumkin.

Xuddi shu holat quyidagi restoran va kafelarga ham tegishli:

• ta’mirlash ishlariga faol investitsiya qiladigan;

• qimmat uskunalar xarid qiladigan;

• muntazam ravishda QQS bilan tovarlar va materiallar sotib oladigan.

Ular kirim QQSni hisobga olish huquqini yo‘qotadilar.

Yangi rejim kimlar uchun foydali bo‘lishi mumkin?

Yangi tartib eng avvalo xaridlar ulushi nisbatan kam bo‘lgan, asosiy xarajatlari esa ish haqi va xodimlarga bog‘liq xarajatlardan iborat xizmat ko‘rsatish sohasidagi kompaniyalar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin.

Masalan:

• buxgalteriya kompaniyalari;

• yuridik firmalar;

• marketing agentliklari;

• ta’lim markazlari;

• IT-kompaniyalar.

Bunday tashkilotlar uchun 6 foizlik QQS stavkasi va foyda solig‘ining mavjud emasligi soliq yukini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Yangi soddalashtirilgan QQSni barcha tadbirkorlar uchun universal yechim deb bo‘lmaydi.

Ba’zi kompaniyalar uchun u soliq yukini sezilarli darajada kamaytirish va hisobni soddalashtirish imkonini beradi. Boshqalar uchun esa kirim QQSni hisobga olish imkoniyatidan voz kechish soliqlar summasining oshishiga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun o‘tishdan oldin biznesingizning amaldagi ko‘rsatkichlari asosida individual hisob-kitob qilish tavsiya etiladi. Agar hisob-kitob bo‘yicha yordam kerak bo‘lsa, ariza qoldiring, mamnuniyat bilan yordam beramiz.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar