2026–2027-yillarda soliq ma’murchiligini soddalashtirish va biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari

Prezidentning PF№100-son Farmoni nafaqat soliqqa tortishdagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi, hujjatda biznes faoliyatini yengillashtirishga qaratilgan bir qator choralar ham nazarda tutilgan: soliq tartib-taomillarini avtomatlashtirish, ma’muriy yukni qisqartirish, QQSni qaytarishni soddalashtirish va ayrim tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar.

Eng muhim o‘zgarishlarni ko‘rib chiqamiz.

Buxgalterlar va soliq maslahatchilariga qilingan xarajatlarni ikki baravar miqdorda hisobga olish mumkin bo‘ladi

2027-yil 1-yanvardan boshlab kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yuritish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki baravar oshirilgan miqdorda chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Amalda davlat biznesni professional buxgalteriya va soliq xizmatlaridan foydalanishga rag‘batlantirmoqda, chunki sifatli hisob yuritish soliq xavflarini kamaytiradi va kompaniya faoliyatining shaffofligini oshiradi.

QQS bo‘yicha soliq ma’murchiligi

Quyidagi tartib joriy etiladi:

(a) qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasi faqat ushbu soliq toʻlovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi va taʼsir choralarini belgilashga asos boʻlib hisoblanmaydi;

(b) quyidagilar bekor qilinadi:

(i) qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish tartibi;

(ii) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi deb eʼtirof etish;

(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan hollarda qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qaytarishda (qoplashda) inson omili ishtirokidagi joriy amaliyotdan voz kechiladi;

(g) soliq toʻlovchida mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar hosil boʻlgan hamda kelgusida hosil boʻladigan 10 million soʻmgacha qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha salbiy farq summalari ularning arizasi talab etilmagan holda avtomatik tartibda qaytarib beriladi. Ushbu summani qoplab berish bilan bogʻliq soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.

Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 1-oktabrga qadar elektron hisobvaraq-fakturalar va soliq hisobotining xavf darajasini real vaqt rejimida baholash natijasida qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini avtomatik tarzda qaytarish (qoplash) amaliyotini joriy etsin.

Kamroq soliq tekshiruvlari

2028-yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlariga soliq organlarining “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi orqali aniqlanadigan soliq huquqbuzarliklari oqibatlarini mustaqil ravishda bartaraf etish imkoniyati beriladi, bunda quyidagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:

2028-yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlariga soliq organlarining “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi orqali aniqlanadigan soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini mustaqil tuzatish imkoniyati berilib, quyidagi soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi:

(a) soliq xavfi summasi besh yuz million soʻmgacha boʻlganda — soliq auditi;

(b) soliq xavfi summasi yuz million soʻmgacha boʻlganda — sayyor soliq tekshiruvi.

Soliq qoʻmitasi 2026-yil 1-iyuldan boshlab kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilganda soliq toʻlovchilarning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni faollashtirish jarayonini toʻliq avtomatlashtirsin.

Umumiy ovqatlanish va mehmonxonalar uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari

2026-yil 1-iyundan boshlab:

(a) mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan:

(i) alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul toʻlovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;

(ii) alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy isteʼmolga realizatsiya qilingan deb eʼtirof etiladi;

(b) umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun:

(i) ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning oʻzida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini toʻlash tartibi joriy etiladi;

(ii) toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qatʼi nazar, toʻlangan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi;

2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlar birlashtirilsin va uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida belgilansin;

Boshqa o‘zgarishlar

  • 2026-yil 1-iyundan boshlab:

(v) umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanishda toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadigan yer soligʻining bir baravari miqdorida belgilanadi.

  • 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(b) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan koʻp boʻlgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara toʻlovining eng kam stavkalari qoʻllanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;

QQSni qaytarishni avtomatlashtirish, tekshiruvlar sonini kamaytirish, bank hisobvaraqlari bilan ishlashni soddalashtirish va professional buxgalteriya xizmatlaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha choralar tadbirkorlarga ma’muriy masalalarni hal qilishga emas, balki biznesni rivojlantirishga e’tibor qaratish imkonini beradi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar