1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
- Ushbu Nizom ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi.
- Mazkur Nizomning amal qilishi davlat organlari, ta’lim, ilmiy va diniy tashkilotlar tomonidan ma’rifiy faoliyat bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
- ma’rifiy faoliyat – insonni shaxsiy, intellektual va ma’naviy rivojlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyatlari, kommunikativ qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikma va malakani shakllantirishga qaratilgan hamda davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi;
- ma’rifiy faoliyat dasturi – ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishning maqsadi va mazmuni, vazifalari, muddatlari, shakllari va joylari, o‘quv faoliyatini tashkil etuvchi hamda uni amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va mazkur dasturni moliyalashtirish manbalarini aks ettiruvchi hujjat;
- ma’rifiy faoliyat tinglovchisi – o‘zining shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yanada oshirish, ijodiy va intellektual qobiliyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyati, kommunikativ qobiliyatini rivojlantirish uchun ma’rifiy faoliyatda ishtirok etuvchi shaxslar.
- Ma’rifiy faoliyat respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar (keyingi o‘rinlarda – ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida va ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
- Ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar ushbu faoliyat davomida boshqa faoliyat turlarini ham amalga oshirsa, mazkur faoliyat turlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga (litsenziya, ruxsatnoma, malaka sertifikatiga ega bo‘lish va boshqalar) rioya etishi shart.
2-BOB. MA’RIFIY FAOLIYATNI AMALGA OSHIRISH SHAKLLARI VA TARTIBI
- Ma’rifiy faoliyat:
- ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, lektsiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda;
- an’anaviy (bevosita) yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda (onlayn);
- yakka tartibda yoki guruhlarda;
- pulli yoki bepul asosda amalga oshirilishi mumkin.
- Ma’rifiy faoliyat tadbirlari 100 va undan ko‘p kishilarning ishtirokidagi guruhlarda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga muvofiq o‘tkazilishi kerak.
- Ma’rifiy faoliyat pulli asosda yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish haqidagi shartnomada taraflarning nomi, manzili, ularning huquq va majburiyatlari, javobgarligi, to‘lovni amalga oshirish tartibi, ma’rifiy faoliyatning shakli, nizolarni hal qilish, shartnomani bekor qilish tartibi, sifatsiz yoki to‘liq bo‘lmagan ma’rifiy faoliyat uchun to‘lovni to‘liq yoki qisman qaytarish shartlari va muddatlari hamda boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi. - O‘n to‘rt yoshdan kichik shaxslarning ma’rifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishlariga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
3-BOB. MA’RIFIY FAOLIYAT ISHTIROKCHILARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
- Ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar quyidagi huquqlarga ega:
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
- o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish;
- ma’rifiy faoliyatni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish;
- ma’rifiy faoliyatning ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan shakllarini mustaqil tanlash;
- ma’rifiy faoliyat pulli asosda amalga oshirilganda, to‘lov miqdorini mustaqil belgilash hamda ushbu faoliyat uchun shartnomaga muvofiq haq olish;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni, shu jumladan, statistika ma’lumotlarini belgilangan tartibda so‘rash va olish;
- ma’rifiy faoliyat tinglovchilarini ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda zarur materiallar bilan ta’minlash.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
- Ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar:
- ma’rifiy faoliyat tinglovchilariga ushbu faoliyat haqida axborot taqdim etishi, shuningdek, ularning talabiga ko‘ra o‘z ma’lumoti va malakasini tasdiqlovchi hujjatlarni (mavjud bo‘lsa) taqdim etishi;
- ma’rifiy faoliyat tinglovchilariga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi, ularning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashi;
- qonunchilik hujjatlarida, shu jumladan, ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan taqiq va cheklovlarga rioya etishi;
- ma’rifiy faoliyatni haq evaziga amalga oshirganda, ma’rifiy faoliyat tinglovchisi bilan yozma yoki elektron shaklda shartnoma tuzishi lozim.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchilar zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDA
- Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.