Prezidentning 21.04.2022 yildagi PQ-214 sonli i 21.09.2022 yildagi PQ-376 sonli qarorlari asosida ish beruvchilarga, kasanachilar mehnatidan foydalanuvchilarga imtiyozlar berildi.
Kasanachilar uchun
2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvarga qadar:
- kasanachilarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, biroq hisobot davri (bir oy)da ko‘pi bilan bir million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchilarning buyurtmasi asosida kasanachilarni «Ishga marhamat» monomarkazlari, tuman (shahar) kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida o‘qitishni tashkil etadi. Kasanachilarni o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
Ish beruchilar uchun
- 2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvarga qadar kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda, ya’ni yiliga 1 BHMdan kam bo‘lmagan miqdorda amalga oshiradi.
- 2022 yil 1 iyuldan boshlab kasanachilar bilan nafaqat mehnat shartnomalari, balki ishlarni bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish uchun fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomalari tuzishga ruxsat etildi.
- 2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’ektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi. Asbob-uskunalardan «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»da bo‘lgan va kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar foydalanishlari kerak.
- Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili bir marotaba har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovini o‘tkazadi.
- Tanlovlar kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan olis va chekka hududlardagi mahallalardagi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
- «Ayollar daftari»ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undiriladi.
- Ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan va xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar bo‘lgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlik sub’ektlari davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi to‘lovidan 2027 yil 1 oktyabrga qadar ozod etiladi.
E’tibor bering, ish beruvchi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan mehnat, fuqarolik-huquqiy yoki pudrat shartnomalari Davlat soliq qo‘mitasining Yagona elektron shartnomalar axborot portalida majburiy tartibda ish beruvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.