Kasanachilar kim?

Uyda  mehnat qilayotganlar bilan munosabatlar “Kasanachilik to‘g‘risida”gi  Nizom bilan tartibga solinadi. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining  2006  yil 11 yanvardagi  3-sonli qaroriga  1-ilova.)

Atamalar

Kasanachilik tushunchasi – tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs – kasanachining yashash joyi bo‘yicha yoki unga yoki uning oila a’zolariga tegishli bo‘lgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha  amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.

Ish beruvchi – kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachi uchun ishlab chiqarish binosini belgilaydigan, uni asbob-uskunalar, jihozlar, materiallar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va boshqa ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlaydigan, bajarilgan ishni qabul qilib oladigan va unga haq to‘laydigan yuridik shaxs.

Kasanachilikning  o‘ziga xos jihatlari

Ish beruvchi kasanachiga mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlar (xizmatlar)ni bajarish uchun tegishli sifatga ega bo‘lgan xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar taqdim etadi (beradi). Kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq ishlarni bajarish uchun xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarni mustaqil ravishda sotib olishga haqli emas.

Kasanachilar ishiga, qoidaga ko‘ra, ishbay haq to‘lanadi. Haq to‘lash amalda bajarilgan ishlar uchun yoki sifati bo‘yicha belgilangan talablarga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarilgani uchun amalga oshiriladi.

Kasanachi ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlaydi, uning bajargan barcha ishi uchun bir hissa miqdorda haq to‘lanadi va unga ish vaqtidan ortiqcha ishlaganlik, dam olish va bayram kunlarida ishlaganlik, shuningdek tungi vaqtda ishlaganlik uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilmaydi.

Kasanachilar uchun imtiyozlar

Kasanachilarga   1 iyul’ 2022 yildan –  1 yanvar 2025 yilga qadar jismoniy shaxs  daromadi soliqlarini hisoblaganda kasanachilikdan olingan daromad 50 foizga kamaytirilgan holda, ammo hisobot davri (bir oy)da  bir million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda  hisoblanadi.

Kasanachilar 1 iyul’ 2022 yildan –  1 yanvar 2025 yilga qadar o‘zlarini band etgan  shaxslar uchun belgilangan tartibda  ijtimoiy soliq to‘laydilar.  Ya’ni  yiliga  bir bazaviy hisoblash miqdoridan kam bo‘lmagan hajmda.

Kim kasanachi bo‘lishi mumkin

Kasanachi – 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi jismoniy shaxs.

Basharti kasanachilik xususiyati kasanachi bilan to‘liq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzilishi zarurligini taqozo etsa, 18 yoshga to‘lgan shaxslar kasanachilikni amalga oshirishga qo‘yiladilar.

Kasanachilikni tashkil etishga agar mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachilikni bajarish uchun kasanachi o‘z yashash joyida zarur binolarga, shu jumladan, turarjoy binosiga, shuningdek ishni bajarish uchun amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, yoxud malakaga o‘qitilishi sharti bilan yo‘l qo‘yiladi. Kasanachilik amalga oshiriladigan turarjoy binolarini noturarjoy binolar toifasiga o‘tkazish talab qilinmaydi.

E’tibor bering, qonun hujjatlarida belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga lisenziya olish talab qiladigan, shuningdek uyda quvvatli, energiyani ko‘p talab qiladigan va texnik asbob-uskunalardan, shuningdek uy sharoitlarida nazorat qilib bo‘lmaydigan maxsus texnika xavfsizligiga rioya etishni talab etadigan xavfli kimyoviy komponentlardan foydalanib kasanachiga ishlarni bajarishga (xizmatlar ko‘rsatishga) va mahsulotlar ishlab chiqarishga (xizmatlar ko‘rsatishga) yo‘l qo‘yilmaydi.

Mehnat shartnomasi

Kasanachi bilan mehnat shartnomasi tuziladi, unga mehnat daftarchasi beriladi, mehnat staji  hisoblanadi. 

Mehnat shartnomalari muddatli bo‘ladi. Ya’ni kasanachi tomonidan o‘z oldilariga  qo‘yilgan vazifadan  kelib chiqqan holda  muayyan muddatga tuziladi.

Mehnat sharnomalarini to‘xtatish qonunchilikning boshqa soha xodimlariga qo‘llaniladigan tamoyillar  singari amalga oshiriladi.

Kasanachining ish haqi, uning tomonidan mehnat normalari va mehnat majburiyatlari bajarilgan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 35,2 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi.

Kasanachi mehnat qonunchiligiga asosan  mehnat ta’tili olish  huquqiga ega.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar