VMK №307 22.07.2023-yildan boshlab tadbirkorlar – yuridik hamda jismoniy shaxslar – subsidiyalar olishi mumkin.
Subsidiyalar ish o‘rni tashkil etish yoki ma’lum toifadagi xodimlar uchun sharoit yaratishga yordam beradi.
Subsidiyalar – bu davlat tomonidan beriladigan bepul moliyaviy yordam bo‘lib, uni qaytarish shart emas. Kreditdan farqli o‘laroq, subsidiya foiz to‘lovlarini talab qilmaydi va majburiy ravishda qaytarilmaydi. U tadbirkorlarga biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish yoki muayyan toifadagi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladi.
Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi subsidiya-larni ajratish:
- Kasanachilikni tashkil etgan mahallalar joylashgan hududdan qat’i nazar, har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda;
- Kasanachilik yoki hunarmandchilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda;
- Kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni uch oygacha bo‘lgan muddatda qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha miqdorda;
- Nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasanachilik yo‘nalishida o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchiga kasbga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan oshmagan miqdorda;
Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tuman (shahar)larning toifasiga qarab:
- «Usta-shogird» an’analar asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha;
- Shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish xarajatlarining 75 foizdan oshmagan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha;
- Ustalarga – internet saytlarini yaratish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 75 foizdan oshmagan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha;
- Hunarmandlarning «Hunarmand» uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha;
Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jalb qilingan har bir kasanachi uchun 1 million so‘mgacha, biroq 2 yilgacha muddatga jami 150 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish.