2025 yil 14.11.2025 dagi UP №214 ga asosan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va unga bog‘liq xizmatlarni olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Biznesni kompleks tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish
2026 yil 1 yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibi joriy etilsin:
(a) elektron raqamli imzo kalitini berish;
(b) bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
(v) ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
(g) ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
(d) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini olish (soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda guvohnoma beriladigan soliq to‘lovchilarga);
(j) onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
(z) yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiда hisobga qo‘yish.
E’tibor bering:
- Tadbirkorlik subyekti har bir xizmatdan o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda foydalanadi.
- Tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
- Kompaniyani ochish — biznesni ishga tushirishdagi eng so‘nggi bosqichdir. Ungacha soliqlar, tannarx va narx belgilash bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilishi, pul oqimlari va moliyaviy natija rejasi tuzilishi zarur.
- Kompaniyamiz tadbirkorlarga biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam beradi: litsenziyalar, faoliyat turlari va soliqqa tortish bo‘yicha dastlabki konsultatsiya, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlash hamda kadrlar hujjatlarini rasmiylashtirish.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun
Belgilab qo‘yilsinki, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:
(a) yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlarining birlamchi ma’lumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli va h.k.) o‘zgarganda ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan bepul kiritiladi. Bunda:
(i) yakka tartibdagi tadbirkorning ismi, familiyasi va otasining ismi o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligining “ID-karta” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan;
(ii) boshqa ma’lumotlar — Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan belgilangan tartibda real vaqt rejimida “Litsenziya” axborot tizimiga taqdim etiladi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish
2026 yil 1 martdan boshlab:
(a) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinsin;
(b) “Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda quyidagilarni nazarda tutuvchi ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yilsin:
(i) dastlabki baholash doirasida talabgor litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun xarid qilishi rejalashtirilgan bino-inshootlar, moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, yollash ko‘zda tutilgan xodimlar to‘g‘risidagi hamda boshqa ma’lumotlar litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiqligi o‘rganiladi va tegishli xulosa beriladi;
(ii) dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda ko‘rsatiladi va tegishli litsenziya yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatni berishda arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lanadigan yig‘imdan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.