Biznesni kompleks ro‘yxatdan o‘tkazish

2025 yil 14.11.2025 dagi UP №214 ga asosan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va unga bog‘liq xizmatlarni olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Biznesni kompleks tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish

2026 yil 1 yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibi joriy etilsin:
(a) elektron raqamli imzo kalitini berish;
(b) bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
(v) ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
(g) ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
(d) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini olish (soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda guvohnoma beriladigan soliq to‘lovchilarga);
(j) onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
(z) yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiда hisobga qo‘yish.

E’tibor bering:

  • Tadbirkorlik subyekti har bir xizmatdan o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda foydalanadi.
  • Tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
  • Kompaniyani ochish — biznesni ishga tushirishdagi eng so‘nggi bosqichdir. Ungacha soliqlar, tannarx va narx belgilash bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilishi, pul oqimlari va moliyaviy natija rejasi tuzilishi zarur.
  • Kompaniyamiz tadbirkorlarga biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam beradi: litsenziyalar, faoliyat turlari va soliqqa tortish bo‘yicha dastlabki konsultatsiya, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlash hamda kadrlar hujjatlarini rasmiylashtirish.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun

Belgilab qo‘yilsinki, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:
(a) yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlarining birlamchi ma’lumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli va h.k.) o‘zgarganda ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan bepul kiritiladi. Bunda:
(i) yakka tartibdagi tadbirkorning ismi, familiyasi va otasining ismi o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligining “ID-karta” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan;
(ii) boshqa ma’lumotlar — Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan belgilangan tartibda real vaqt rejimida “Litsenziya” axborot tizimiga taqdim etiladi.

Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish

2026 yil 1 martdan boshlab:
(a) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinsin;
(b) “Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda quyidagilarni nazarda tutuvchi ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yilsin:
(i) dastlabki baholash doirasida talabgor litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun xarid qilishi rejalashtirilgan bino-inshootlar, moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, yollash ko‘zda tutilgan xodimlar to‘g‘risidagi hamda boshqa ma’lumotlar litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiqligi o‘rganiladi va tegishli xulosa beriladi;
(ii) dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda ko‘rsatiladi va tegishli litsenziya yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatni berishda arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lanadigan yig‘imdan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar