Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 iyuldagi 279-sonli qarori va Prezidentning 2023 yil 12 iyundagi PF-93 Farmoniga binoan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis» dasturi ochiladi.
Mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ”Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilinganida, ushbu fuqarolar kamida bir yil davomida jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganida mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ularga imtiyoz beriladi;
Bu holda mulk va yer solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi tadbirkorlik subyektlari uchun 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda 50 foizga , 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda 75 foizga kamaytiriladi, 200 ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorlik subyektlari bu soliqni to‘lashdan ozod etiladi.
Mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga javob bergan tadbirkorlik subyektlariga qo‘llaniladi:
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarga bir yil davomida uzluksiz mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lab, bandlikni ta’minlaganda;
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar jami xodimlar sonining kamida 20 foizini tashkil qilganda;
- Tadbirkorlik subyektlari kamida ikki yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmaganda.
E’tibor bering:
Mazkur imtiyozlar Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
JShDS (daromad solig‘i) va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmagan miqdorda) avtomatlashtirilgan dastur orqali qaytarib beriladi.
Yangi ish o‘rni yaratilgan oydan boshlab hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar taqdim etilgan soliq hisoboti bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi qaytariladi.
Ish beruvchilarga ular tomonidan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarga to‘lab berilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bunda ish beruvchi tomonidan ariza u soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatda turgan soliq organiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoboti taqdim etilganidan so‘ng soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Soliq tekshiruvlaridan ozod etish
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi ish o‘rinlari tashkil etilganda, ularga nisbatan quyidagi tartiblarda soliq tekshiruvlari (jinoiy ish doirasidagi tekshiruvlardan tashqari) o‘tkazilmaydi:
- Tadbirkorlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilgan taqdirda ularga nisbatan belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- 51 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlik subyektlarida soliq auditi o‘tkazilmaydi;
- 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlik subyektdlarida barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Dasturda kim ishtirok etishi mumkin
E’tiborlisi, mazkur dasturda kamida ikki yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Fuqarolar “Yagona ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan tadbirakorlik subyektlari.