Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish xodim va yakka tartibdagi tadbirkor (keyingi o‘rinlarda YaTT) o‘rtasidagi mehnat munosabatlari “Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (Vazirlar Mahkamasining 22.11.2021 yildagi 707-sonli qarori) asosida tartibga solinadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar 5 nafargacha xodimni ishga qabul qilish huquqiga ega. Xodimlar mehnat daftarchasini YaTT yuritmaydi.
E’tibor bering:
• YaTT bilan mehnat shartnomasi tuzgan jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olmaydi va ular yakka tartibdagi tadbirkor nomidan huquqiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega emas.
• Mehnat shartnomasining amal qilish muddati yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.
• Mehnat shartnomasida yakka tartibdagi tadbirkorning imzosini muhr bilan tasdiqlash va ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirilishi talab qilinmaydi.
• Xodimning mehnat stajini hisoblash uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
• Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat shartnomasini tuzmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar aniqlangan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlar sonini yashirganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Mehnat shartnomasi tuzish
Mehnat shartnomasining shakli Nizomga ilova qilingan, uning shartlari Mehnat kodeksi bilan qat’iy belgilanadi. Mehnat shartnomasi ikki nusxada tuziladi. Shartnomaning bir nusxasi yakka tartibdagi tadbirkorda va ikkinchi nusxasi xodimda qoladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor xodimini hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay soliq xizmati organiga shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali taqdim etadi. Soliq xizmati xodimning QR-kodli hisob varaqasini taqdim etadi.
Soliq solish
YaTT xodimi uchun soliqni hisoblaydi va to‘laydi:
• Jismoniy shaxs dromadi uchun umumiy daromadning 12 foizi miqdorida soliq to‘lanadi.
• Oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanadi.
E’tibor bering: Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat shartnomasini tuzmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar aniqlangan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlar sonini yashirganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.