INPS — jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi
Ish beruvchilar har oyda ajratmani individual schetga jo‘natadilar. Ajratma jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan (daromad solig‘idan) hosil qilinadi va bu ajratma “qo‘lga tegadigan” summaga salbiy ta’sir etmaydi, ya’ni uni kamaytirmaydi. INPS summasi miqdori oylik maoshning hajmiga bog‘liq.
Ajratmalar bilan jamg‘arma pulini indekslashtirish bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga olgan Xalq banki shug‘ullanadi.
Jamg‘arilgan pulni pensiyaga chiqib, boshqa mamlakatdagi doimiy yashash joyiga ketish paytida olish mumkin bo‘ladi. Biroq uni to‘lig‘icha birdaniga olish imkoniyati mavjud.
Yaqinda, 18 yil mobaynida ishlab, qarilik davrim uchun qancha pul to‘plaganimni bilgim kelib qoldi.
Pulning qancha ekanligini davlat xizmatlarining my.gov.uz saytidan onlayn tarzda bilib olsa bo‘ladi.
Bu xizmatdan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun shaxsiy ma’lumotlarni, aniqrog‘i elektron raqamli imzo kaliti yoki pasport ma’lumotlarini kiritasiz. Sayt avtomatik tarzda sizning INPSingiz shaxsiy raqamini topadi.
Ma’lum bo‘ldiki, men ishlagan 18 yil mobaynida 2 042 000 so‘m to‘plagan ekanman.
Shuningdek, sizga qaysi ishxonangizdan qancha pensiya badallari ajratilganligining batafsil ma’lumotini ya’ni rasshifrovkasini beradi.
Qarilik uchun yana mablag‘ jamg‘arishda davom etaman.