O‘zini o‘zi band qilish faoliyati “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (O‘zR VMni ng 2020 yil 23 dekabrdagi 806-sonli qaroriga 1-ilova) bilan tartibga solinadi.
Kim o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanadi
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar – mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslardir;
Mehnat shartnomasi bilan ishlaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanmaydi.
Soliqqa tortish
• Jismoniy shaxs daromadlariga soliq
O‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga odatdagi tartibda soliq solinadi.
• Ijtimoiy soliq
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun bir bazaviy hisoblash miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish huquqiga ega.
Tashkilotlar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish bo‘yicha faoliyatga jalb qilishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish ob’ekti hisoblanmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘illanishi mumkin bo‘lgan faoliyatlar ro‘yxati
1. | Uyda yoki davlat ta’lim muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlari xonalarida repetitorlik qilish — bolalar va kattalar bilan ta’lim fanlari bo‘yicha yakka tartibda hamda guruh bo‘lib mashg‘ulotlar o‘tkazish. |
2. | Bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar |
3. | Bemorlar hamda doimiy ravishda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa kishilarga qarab turish va ularni parvarish qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar |
4. | Uy xo‘jaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish bo‘yicha uy xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish |
5. | Xonalarni tozalash, jismoniy shaxs hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish |
6. | Uyda jismoniy shaxslarning mebellarini ta’mirlash va yig‘ish |
7. | Jismoniy shaxslarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish, qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari) |
8. | Jismoniy shaxslarning santexnika uskunalarini mayda ta’mirlash va o‘rnatish |
9. | Jismoniy shaxslarga kvartira ichida (shaxsiy qurilish ishlarida — uy ichida) elektr montaj ishlari (elektr xavfsizligi bo‘yicha ruxsati bo‘lganda) |
10. | Dehqon va fuqarolarning tomorqa uchastkal�rida yer chopish va rekultivatsiya ishlari |
11. | Fermer ho‘jaliklari egalari, pilla yetishtirish va ipak qurti urug‘chiligi tashkilotlari buyurtmasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlari (qishloq xo‘jaligi o‘simliklari, ipak qurtini va hayvonlarni parvarish qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini yig‘ish, tut ko‘chatlarini ekish va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlari) |
12. | Fuqarolarning dala-hovli va tomorqa uchastkalari landshaftini barpo etish ishlari |
13. | Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini ekish va parvarish qilishda, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini yig‘ib olishda dehqon va tomorqa uchastkalari egalariga yordam berish |
14. | Chorva mollarini o‘tlatish, ularni parvarish qilish, shu jumladan urug‘lantirish, qo‘zilatish, qirqish va dag‘al xashak jamg‘arish ishlari |
15. | Jismoniy shaxslarga kompyuterlarni ta’mirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy ta’minot o‘rnatish |
16. | Buyurtmachining uyida bajariladigan maishiy texnikani o‘rnatish va ta’mirlash |
17. | Jismoniy shaxslarning shaxsiy avtomobillarini mayda ta’mirlash, ularga aksessuarlar va avtosignalizatsiya o‘rnatish, g‘iloflar va pol qoplamalarini tikish |
18. | Jismoniy shaxslarning avtomobillarini yuvish, avtomobillar kuzovlarini silliqlash |
19. | Mexanizatsiya vositalarini qo‘llamay, uyda bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari |
20. | Makulatura, plastik idish, temir-tersak va qo‘shimcha xomashyo to‘plash |
21. | Xalq tabobati (litsenziyasi bo‘lganda) |
22. | Xususiy shaxslarga bosh xizmatkor va konsyerj xizmatlarini ko‘rsatish |
23. | Shaxsiy transportdan foydalanib, jismoniy shaxslarga tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno) |
24. | Bozorlar va savdo komplekslarida mayda yuklarni aravalarda tashish |
25. | Ilgari foydalanilgan tovarlarni sotib olish va sotish |
26. | Velosipedlarni ta’mirlash |
27. | Yog‘och me’morchiligi (bolalar maydonchalari va park zonalari uchun yog‘ochdan yasalgan qurilmalar, haykallar) |
28. | Rassomlik |
29. | Metall ta’mirlash ishlari (uyda amalga oshiriladigan maishiy metall buyumlarini ta’mirlash (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni ta’mirlash, boshqa maishiy metall buyumlarini oddiy ta’mirlash) |
30. | Uyda popkorn, frezerda muzqaymoq tayyorlash va sotish |
31. | Dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan chakana savdo qilish |
32. | Gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan chakana savdo qilish |
33. | Sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari |
34. | Kosmetolog xizmatlari va shunga o‘xshash boshqa xizmatlar |
35. | Uyda kir yuvish va dazmollash xizmatlari |
36. | Tikuv, mo‘yna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini ta’mirlash, aholining yakka tartibdagi buyurtmasi bo‘yicha tikuv va trikotaj buyumlarini, bosh kiyimlarini va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini tikish |
37. | Gazlamalarga naqshlar solish (gazlamalar va kiyim ashyolarini qo‘lda bo‘yash, gazlamalarga, shu jumladan trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish usuli bilan rasmlar solish) |
38. | Aholining yakka tartibdagi buyurtmalari bo‘yicha poyabzal tikish, poyabzalni ta’mirlash, bo‘yash va tozalash |
39. | Yakka tartibda deraza va eshik pardalarini tikish va ta’mirlash, kashtachilik |
40. | Galantereya buyumlarini tayyorlash va ta’mirlash |
41. | Bijuteriya va jevaklarni tayyorlash va ta’mirlash |
42. | Kalitlar tayyorlash |
43. | O‘lchov vositalari tayyorlash va ijaraga berish |
44. | Gulchambarlar (shu jumladan, motam gulchambarlari), sun’iy gullar, ikebana, gul marjonlarini tayyorlash |
45. | To‘siqlar, haykallar, metalldan yasalgan gulchambarlarni tayyorlash va ta’mirlash |
46. | Kesuvchi buyumlar va asboblarni charxlash |
47. | Akvarium baliqlari, dekorativ qushlar va boshqa hayvonlarni ko‘paytirish va sotish |
48. | Musiqa asboblarini ta’mirlash va sozlash |
49. | Video va fotosuratga olish xizmatlari |
50. | Qadoqlash uskunalaridan foydalanmagan holda uy sharoitida milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlarini tayyorlash va sotish |
51. | Milliy non va patirlarni tayyorlash va sotish |
52. | Salatlar va tuzlamalarni tayyorlash va sotish, shuningdek, uy sharoitida donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va o‘tirish joylarini tashkil etmasdan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda sotish |
53. | Uyda quyib sotish uchun salqin ichimliklar, ayron, go‘ja hamda qurt tayyorlash va sotish |
54. | To‘garaklar tashkil �tish va yuritish |
55. | Tulumni shishirish xizmatlari (taksidermik ishlar) |
56. | Gullar va dekorativ daraxtlar yetishtirish va sotish (shu jumladan bonsay san’ati) |
57. | Reklama bukletlarini tarqatish, uyda operatorlar tomonidan buyurtmalar qabul qilish |
58. | Muqovalash ishlari |
59. | Namoyishlarda kiyimlar modelini namoyish qilish, rasmli jurnallarda, reklama filmlari va video kliplarda suratga tushish |
60. | Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar xizmatlari |
61. | Matnni yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SEO-kopirayter, SEO-rerayter, musahhih, kontent-menejer, muharrir, e-mail orqali xatlarni jo‘natish bo‘yicha mutaxassis, spichrayter, transkriber va boshqalar) |
62. | Multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter o‘yinlari dizayneri, interyer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, arxitektor, vizuallashtiruvchi dizayner, ma’lumot dizayneri, interfeys dizayneri, texnik dizayner, moushn-dizayner, banner yasovchi, nashriyot dizayneri, flesher, 3D-dizayner, video muharrir, videooperator, bastakor, ovoz rejissori, aranjirovkachi, suxandon, foto muharrir va boshqalar) |
63. | Dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash (dasturchi, dasturiy ta’minotni sinovchi mutaxassis, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash bo‘yicha mutaxassis) |
64. | Tarjima qilish xizmatlari (badiiy adabiyotni tarjima qilish, texnik tarjima, veb-saytlar, filmlar, kompyuter va mobil ilovalar, taqdimotlar, video, audio va reklamalar tarjimasi) |
65. | Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi) |
66. | Kadrlar tanlash sohasidagi faoliyat (internet-loyihalar bilan ishlovchi menejer, frilanserlar guruhi rahbari, HR-menejer, rekruter, shaxsiy assistent) |
67. | Onlayn konsultatsiya berish (onlayn-konsultant, onlayn-trener, moliyaviy maslahatchi, vebinar olib boruvchi) |
671. | Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno) |
68. | Hamshiralik ishi |
69. | Uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati |
70. | Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati |
71. | Rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish) |
72. | Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati |
73. | Maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar) |
74. | Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash) |
75. | Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash |
76. | Yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish |
77. | Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish |
78. | Kulolchilik |
79 | Kibersport faoliyati |
80 | “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” tayinlangan sportchilar faoliyati |
81 | Teri xomashyosini yig’ish va tayyorlash |
82 | Junni yig’ish va tayyorlash |
83 | Qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar to‘qish |
84 | Uy sharoitida loydan tandir tayyorlash |
85 | Atlas va adras to‘qish |
86 | Mayda munchoq (biser) tikish |
87 | Do‘ppido‘zlik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash |
88 | Temirchilik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash |
89 | Asalarichilik, shuningdek, asalari uyasi va ramkalarini yasash |
90 | Quroqchilik usulida ko‘ylak, ko‘rpa va yopinchiqlar tikish |
91 | Qo‘ziqorinlarni terish, uy sharoitlarida yetishtirish va sotish |
92 | Pichoq tayyorlash, charxlash va sotish |
93 | Qog‘ozdan qutilar, banderollar tayyorlash |
94 | Uy sharoitida issiqxona mahsulotlarini yetishtirish |
95 | Tayyor mahsulotga etiketka biriktirish |
96 | Uy sharoitida bolalar o‘yinchog‘i ishlab chiqarish |
97 | Uy sharoitida supurgi yetishtirish va tayyorlash |
98 | Yassi oyoqli bolalar oyoq kiyimlarini tayyorlash |
99 | Milliy taqinchoqlar yasash |
100 | Kandakorlik, miskarlik buyumlarini uy sharoitida tayyorlash |
101 | Dag‘al jundan gilam, ko‘rpa va yostiq tayyorlash |
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga biriktiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bunda so‘rovnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda mustaqil ravishda, davlat soliq xizmati organiga kelganda esa soliq organi xodimi tomonidan to‘ldiriladi.
So‘rovnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami, ro‘yxatdan o‘tkazish elektron raqamli imzo orqali amalga oshirilgan holatlar bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 8 iyundagi PQ-4742-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari;
o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning mo‘ljallanayotgan manzili;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning mobil telefon raqami va u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
So‘rovnomada o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida matrisali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma’lumotnoma (keyingi o‘rinlarda – ma’lumotnoma) yuboriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ma’lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxsdan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish talab qilinmaydi.
Ishlarni tashkil etish
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus mobil ilova orqali quyidagi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin:
buyurtmalarni va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni qabul qilish;
yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;
mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu ma’lumotlardan keyinchalik, shu jumladan, kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;
ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va iste’molchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilishi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat-kassa texnikasi va bank plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov terminallaridan foydalanadi hamda tijorat banklarida hisobvaraqlari ochishi mumkin.
Maxsus mobil ilova orqali daromadlar va xarajatlar hisobini yuritayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kreditlar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartib asosida beriladi.
Ma’lumotnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun norezidentlardan chet el valyutasidagi to‘lovlarni tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga kirim qilish uchun asos hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ishlar (xizmatlar) buyurtmachilari o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlar shartnoma shartlariga yoki ish muomalasi odatlariga asoslanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs bilan ishlar (xizmatlar) buyurtmachisi o‘rtasidagi ish muomalasi odatlariga asoslangan o‘zaro munosabatlarda og‘zaki shaklda bitim (shartnoma) tuzishga yo‘l qo‘yiladi.
Bitim (shartnoma) tuzishda tomonlar uning shartlarini, shu jumladan, undan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish va uni bekor qilish shartlarini mustaqil belgilab oladilar.