Oilaviy bolalar uylari faoliyati Prezidentning 2022 yil, 4 avgustdagi PQ-345 sonli “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tartibga solinadi.
Oilaviy bolalar uylari nima?
Oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish va ularni mustaqil hayotga tayyorlash uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan muqobil tizimdir.
Bunda, ushbu oilaviy bolalar uylaridagi tarbiyalanuvchilar 18 yoshga to‘lgunga yoxud boshqa sabablarga ko‘ra ketgunga qadar mazkur uylarda qoladi.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab yangilangan shartlarga ko‘ra
- oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni (keyingi o‘rinlarda – tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimining qarori asosida tashkil etiladi;
- oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
- oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
- oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan amalga oshiriladi;
- oilaviy bolalar uyini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazalaridan olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.
Davlat byudjeti hisobidan Oilaviy bolalar uyini 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab moliyalashtirish tartibi:
- oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida;
- oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining1 baravari (nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida;
- oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi;
- oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi;
- oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, «Ishga marhamat» monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi;
Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun:
- O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi;
- tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;
- oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi;
- oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.