Mehmon uylari nima?

Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish va ular orqali xizmat ko‘rsatish “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi  Nizom (O‘zR VM 07.08.2018 y. 631-son qaroriga 1-ilova)  bilan  tartibga solinadi.

Atamalar

Oilaviy mehmon uyi (keyingi o‘rinlarda mehmon uyi deb ataladi) – mazkur mehmon uyida uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchi shaxsga 3 m kvadrat  hisobidan to‘g‘ri keladigan turar-joy maydoniga ega bo‘lgan xususiy uy-joy hisoblanadi.

Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar yagona reestri (keyingi o‘rinlarda Reestr deb ataladi) – yuritilishi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning axborot bazasi;

Mehmon uyining egasi – Reestrga kiritilgan xususiy yoki oilaviy tadbirkorlik sub’ekti.

Mehmon uylarini sertifikatlashtirish tartibi

Mehmon uylarining egalari  o‘z faoliyatlarini  yakka tartibdagi va oilaviy  tadbirkor sifatida amalga oshirishi mumkin. 

Mehmon uylarining egalari faqat  ularning uylari Reestrga kiritilganidan keyingina xizmat ko‘rsatish huquqiga ega.

Mehmon uylari xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, mehmon uylarni o‘rganish dalolatnomasi asosida ularni Reestrga kiritish va Reestrdan tegishli ko‘chirma berish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

 Reestr elektron shaklda yuritiladi va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi lozim.

Arizachi uni Reestrga kiritish uchun vakolatli davlat organiga  ariza beradi.

Mehmon uyini Reestrdan chiqarish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

mehmon uyi egasi tomonidan Reestrdan ixtiyoriy ravishda chiqarish to‘g‘risida ariza berilsa;

xususiy tadbirkorlik faoliyati tugatilsa yoxud oilaviy tadbirkorlik sub’ekti belgilangan tartibda tugatilsa;

vakolatli davlat organi tomonidan o‘rganish va mehmon uylarida yashayotgan shaxslarni anketalashtirish davomida mazkur Nizom talablarining surunkali ravishda buzilishi aniqlansa.

O‘rganish vaqtida aniqlangan buzilishlar mehmon uyi egasi tomonidan bartaraf etilgandan so‘ng u Reestrga kiritish to‘g‘risida takroran ariza topshirishi mumkin.

Mehmon uylariga talablar

Mehmon uylari ko‘rsatadigan xizmatlariga doir talablar quyidagi maqsadlarda belgilanadi:

mehmon uyining vaqtinchalik yashash bo‘yicha xizmat (keyingi o‘rinlarda xizmatlar deb ataladi) ko‘rsatish sohasiga muvofiqligini tasdiqlash;

mehmon uylarida uning egasi tomonidan qayd etilgan ko‘rsatiladigan xizmatlar va zarur moddiy-texnik bazaning mavjudligini tasdiqlash;

xizmat ko‘rsatishning zarur darajadagi sifatini va tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) xavfsizligini ta’minlash.

Mehmon uyi tashkil etilganidan keyin u  yaratiladigan quyidagi majburiy    sharoitlarga muvofiq kelishi kerak

Tashrif buyuruvchilar (turistlar) uchun sanitariya-gigiena qulayliklarini tashkil etish:

Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) xavfsizligini ta’minlash;

Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) qulay va yaxshi yashashlari uchun sharoitlar tashkil qilish.

Shuningdek, Oilaviy mehmon uylarini jihozlash va ular tomonidan qo‘shimcha xizmat

turlarini ko‘rsatish bo‘yicha tvsiyalar mavjud. Biroq tavsiyalar majburiy emas va  Reestrga kiritishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Mehmon uyi egalarining huquq va majburiyatlari

Mehmon uyi egalarining huquqlari:

ijarada turuvchilarni (turistlarni) mehmonuyiga ularni butunjahon Internet axborot tarmog‘i va axborot-turistik markazlari orqali, ular mavjud bo‘lmagan hollarda esa, bildirish tartibida hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga qo‘yish orqali ijara shartnomasini rasmiylashtirmasdan joylashtirish;

tashrif buyuruvchilar (turistlar) tomonidan jamoat tartibi me’yorlari buzilgan hollarda joylardagi huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro bog‘lanib harakat qilish;

turizm faoliyati sub’ektlariga berilgan imtiyozlardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish.

Mavsumiy bo‘lmagan davrda mehmon uylarining egalari ro‘yxatga olish va soliq organlariga mehmon uyi faoliyatini vaqtincha to‘xtatish va ular o‘z faoliyatini vaqtincha amalga oshirmaydigan qayd etilgan davrga soliq hisoblanishini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida ariza berish yo‘li bilan vaqtincha o‘z faoliyatlarini to‘xtatish huquqiga ega bo‘ladilar.

Mehmon uyi egalarining majburiyatlari:

vaqtinchalik yashash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibi bilan tanishtirish uchun, shuningdek, rejali asosda mehmon uylari xodimlarining bilimi va malakasini oshirish imkonini beruvchi profilaktika va tushuntirish ishlari, master-klasslar, treninglar va boshqa tadbirlarni tashkillashtirish;

mehmon uylarining samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkillashtirish va ta’minlashda har tomonlama yordam ko‘rsatish;

manfaatdor davlat organlari bilan hamkorlikda mehmon uylarining egalarini favqulodda vaziyatlardagi harakatlar tartibi bilan tanishtirish;

mehmon uylarining egalarini turizm sohasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlardagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida xabardor qilib borish;

zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini mehmon uylari bilan o‘zaro munosabatlar sohasiga faol ravishda joriy qilib borish.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar