Korporativ karta – to‘g‘ri va noto‘g‘ri to‘lovlar

Pul mablag‘larini korporativ  kartalar ishtirokidagi harakati  hisob-kitoblarini  olib borish qoidalari “O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risida”gi Nizom (AV tomonidan 03.04.2021 y. 3294-son bilan ro‘yxatga olingan) bilan tartibga solib boriladi.

Shunga qaramasdan, plastik kartalar bizning kundalik hayotimizga   yaqinda kirib kelgan bo‘lsa-da, bizning zamonaviy  turmush tarzimizning uzviy qismi bo‘lib qoldi.  Biroq, pul mablag‘larini sarflashning to‘g‘riligi yoki noto‘g‘riligi  doirasidagi  bahslar hamon davom etmoqda.

Qulaylik nuqtai nazaridan  mazkur maqolada pul mablag‘larining  barcha xarajatlarini  to‘g‘ri va noto‘g‘riga ajratishni taklif etaman.

To‘g‘ri va noto‘g‘ri to‘lovlar

To‘g‘ri to‘lovlar – idora uchun  konselyariya buyumlarini olish, xizmat mashinasiga yoqilg‘i quyish singari bevosita tashkilot foydasi uchun amalga oshiriladigan barcha to‘lovlar.  Bu holda men  “tashkilot foydasi uchun” degan fikrni alohida ta’kidlamoqdaman,  chunki  auditorlik amaliyoti davomida kartaga mas’ul shaxslarning (moddiy-javobgar shaxslarning) shaxsiy xarajatlari uchun qilgan to‘lovlariga juda ko‘p marta  guvoh bo‘lganman.  Odatda, Nizomni “ashaddiy buzuvchilari” rahbarlar yoki mulkdorlarning o‘zi bo‘lib chiqadi. Bunday xarajatlarning izohi juda oddiy – “bu – baribir mening pulim, qanday xohlasam, shunday sarflayman”, tamom vassalom.

Umuman olganda,  bu gap to‘g‘ri, pirovardida barcha aktivlar aksiyadorlar va mulkdorlarga  qoladi, biroq korporativ kartadan o‘tkazilgan noto‘g‘ri to‘lov uchun soliq  hisoblanishini  esdan chiqarmaslik kerak.

Noto‘g‘ri to‘lovlar —  korporativ kartalar yordamida korxona rahbarlari va mulkdorlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun qilingan xarajatlar – jismoniy  shaxslarning daromadi hisoblanadi va, albatta, bundan soliq to‘lashga to‘g‘ri kelladi.

Keling, bir necha misollarni ko‘rib chiqamiz:

Restoranlarda qilingan tushlik va kechki ovqatga ketadigan xarajatlar to‘lovi. Odatda,  rahbar g‘oyat muhim  mijoz yoki hamkor bilan tushlik qilinganini aytadi. Bo‘lishi mumkin, umuman, biznes uchun balki bu  kerakdir, biroq bunday uchrashuvni o‘tkazish bo‘yicha  asl maqsad ko‘rsatilgan holda chiqarilgan qaror, o‘tkazilgan uchrashuvning hisoboti, restoran tomonidan beriladigan cheklar va  rasshifrovkalar kerak. Bunday hollarda, ayniqsa  e’tiborni tortadigan yana bir jihat borki, qo‘liga karta berilgan inson  muhim mijoz bilan birga  tushlik qilganini ta’kidlab turgan bir paytda chekga berilgan rasshifrovkada: palov – 1 ta, salat – 1 ta deb ko‘rsatilgan bo‘ladi. Shu payt beixtiyor savol tug‘iladi: mehmon ovqat yesa, mezbon unga qorovullik qilib turadimi?

Yoki, masalan, rahbarning uyidagi internet uchun to‘lovni  olaylik.  Bu hol oddiygina izohlanadi – internetdan biznes zaruratlari uchun ishdan tashqari vaqtlarda  foydalanaman! Shunday bo‘lishi mumkin, deylik. Biroq  korxona pullarini bunday zaruratlarga ishlatishga ruxsat etilganini tasdiqlaydigan hujjatlar qani, ish vaqtidan tashqari paytda ishlaganligi uchun ish haqi hisob-kitoblari qaerda?  

Tegishli isbot-dalillar va tasdiqlovchi hujjatlarsiz qilingan  xarajatlar karta berib qo‘yilgan  fuqaroning daromadlariga kiradi, jismoniy shaxslar daromadlaridan esa, so‘zsiz soliq undiriladi. 

Hujjatlar aylanishi

To‘lov terminali kvitansiyalarining asl nusxalari, shuningdek elektron tijorat bitimlaridagi  tomonlarni  identiftkasiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar  va  boshqa usullar, invoys (schet-faktura) hamda qonun hujjatlarida  belgilangan rekvizitlarga ega bo‘lgan  boshqa hujjatlar  hisobot hujjatlari  bo‘lib xizmat qiladi.

Xizmat safarlari  xarajatlarini to‘lashda  korporativ bank kartasidan foydalanilganda ushbu karta berib qo‘yilgan xodim  xizmat safaridan qaytganidan keyin   buxgalteriyaga korporativ bank kartasi vositasida to‘langan  pul miqdori to‘g‘risida hisobot taqdim etishi kerak.

Bank korporativ kartasiga   mas’ul xodim  bu kartani olgan kundan boshlan  10 kundan kechiktirmagan holda yuridik shaxs buxgalteriyasiga  bank korporativ kartasi vositasida xarajat qilingan  mablag‘ to‘g‘risida  hisobot  topshirishi shart. 

Shubhasiz, bank korporativ kartasidan foydalanish qulay: kompaniya pul mablag‘laridan kechayu kunduz foydalanish mumkin, to‘lovlar tezlik bilan amalga oshiriladi, lekin qonunchilik buzilmasligi uchun me’yoriy-huquqiy  aktlarni qayta-qayta o‘qib  va o‘zingizning buxgalteringiz yoki auditoringiz bilan  maslahatlashib turishni unutmang!

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar