08.05.2025 yildagi PF-85-son Prezident Farmoniga muvofiq, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilar uchun quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalar belgilangan:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan va ularga eng kam ish haqidan (1 MHTEK) kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘laydigan nodavlat yuridik shaxslarga ushbu xodimlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida hisoblanadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa ijtimoiy soliq hisoblanmaydi;
- 01.01.2025 yildan 01.01.2028 yilgacha bo‘lgan davrda tikuv-trikotaj, oyoq kiyim va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i stavkasi 2 foiz, ijtimoiy soliq stavkasi esa 1 foiz etib belgilanadi.
Ushbu soliq imtiyozlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi PF-229-son Farmoniga asosan belgilangan bo‘lib, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan hollarda ham qo‘llaniladi. Diqqat qiling: qo‘shimcha shartlar mavjud!
Subsidiyalar ajratilishi
- 2025 yil 1 iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha miqdorda subsidiya ajratiladi. Bunda:
- subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamroh xizmatlarini tashkil etish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
- jismoniy shaxslarga ushbu hamroh xizmatlarini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning qolgan hududlarida quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi mehnat sharoitlari asosida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yoki ishga joylashishiga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlariga 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi:
- nogironligi bo‘lgan shaxsni kamida 3 oy rasmiy ravishda ish bilan band qilish;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga 2 baravar MHTEKdan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lash;
- ushbu bandlik ta’minlangan har bir nogironligi bo‘lgan shaxs uchun subsidiya miqdori 3 baravar MHTEK etib belgilanadi.