Shartnoma tuzishda har doim fors-major sharoiti paydo bo‘lgan paytlardagi harakatlar doim kelishib olinadi.
Fors-major sharoiti nima va u endilikda “Mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan tartibga solinadi.
E’tibor bering, Mazkur Nizom talablari faqat O‘zbekiston Respublikasi ichkarisida tuzilgan shartnomalarga taalluqli bo‘lib, tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Fors-major holatlarini tasdiqlash
Fors-major holatlar Palata raisining elektron raqamli imzosi (keyingi o‘rinlarda — ERI) bilan tasdiqlangan shaklda QR-kod bilan rasmiylashtiriladigan sertifikatni berish orqali tasdiqlanadi.
Sertifikat muddatsiz davrga beriladi. Sertifikat bir martalik xususiyatga ega bo‘lib, faqat arizada ko‘rsatilgan shartnomaviy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Tushunchalar:
sertifikat — Palata tomonidan ushbu Nizom talablariga muvofiq berilgan va fors-major holatlarni tasdiqlovchi davlat namunasidagi rasmiy hujjat.
talabgor — shartnoma doirasida fors-major holatlarni tasdiqlash maqsadida hujjatlarni taqdim etuvchi O‘zbekiston t Respublikasi rezidenti bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar (shartnoma tarafi);
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari — O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari va Soliq kodeksining 33-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan yuridik shaxslar;
fors-major holatlar — tomonlarning xohish-irodasi va faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko‘chki, bo‘ron, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (ommaviy noroziliklar, urush holati, qamal, davlat manfaatlarini ko‘zlab import va eksportni taqiqlash, xalqaro sanksiyalarning joriy etilishi va boshqalar), ob’ektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar (epidemiya, pandemiya, karantin), texnogen ofatlar (yonginlar, portlashlar va boshqalar), infratuzilma tarmoqlaridagi (transport, energetika tizimlaridagi), favqulodda va keng miqyosdagi kutilmagan avariyalar, uzilishlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda taraflarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlar;
shartnoma — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari o‘rtasida tuzilgan shartnoma.
Sertifikat olish uchun arizani qanday berish kerak
Sertifikat talabgorning arizasiga asosan Palata tomonidan rasmiylashtiriladi va beriladi.
Sertifikat berish to‘g‘risidagi ariza Palataga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning rasmiy veb-sayti orqali berilishi mumkin.
Ariza talabgor bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxsning rahbari yoki uning nomidan ish yuritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim:
- ariza beruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsning to‘liq nomi (davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq);
- sertifikat beriladigan shartnoma(lar)ning rekviziti va predmeti;
- talabgorning mazkur shartnoma(lar) bo‘yicha majburiyatlari, ularni bajarish tartibi va muddatlari;
- talabgor shartnoma(lar) bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishga to‘sqinlik qilgan deb hisoblaydigan fors-major holatlarning tavsifi (ular sodir bo‘lgan joy, vaqt, davr hamda ularning ta’siri);
- fors-major holat amal qilish muddatining boshlanganligi va tugaganligi (agar tugagan bo‘lsa);
- arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati;
- talabgorning rekvizitlari (pochta manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa), xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki nomi va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumot.
Arizada fors-major holat bilan bog‘liq qushimcha ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- shartnoma(lar), qo‘shimcha kelishuv(lar) (mavjud bo‘lgan taqdirda);
- shartnoma(lar) bo‘yicha bajarilgan majburiyatlarning hajmlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
- fors-major holat yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi hujjatlar (materiallar).
- Talabgordan ushbu bandda ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Arizani ko‘rib chiqish va sertifikatni berish tartibi
Palata qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha quyidagilarni o‘rganadi:
- shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning mavjudligi va ularni bajarish muddatlari;
- shartnoma taraflarining irodasi va faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan, favqulodda va yengib bo‘lmaydigan xususiyatga ega holatlar, shuningdek, ushbu holatlarni tasdiqlovchi vakolatli organlar (tashkilotlar) hujjatlarining mavjudligi;
- sodir bo‘lgan holatlar va shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish muddatlarini inobatga olgan holda, ularni to‘liq yoki qisman bajara olmaslik o‘rtasidagi sababli bog‘liqlik;
- fors-major holatlarning amal qilish muddatlari;
- shartnoma taraflarining fors-major holatlar vujudga kelishida aloqasi yo‘qligi.
Arizada ko‘rsatilgan holatlarning haqqoniyligi Palata tomonidan mustaqil ravishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlardan tegishli ma’lumotlarni so‘rab olish orqali aniqlanadi.
Respublika ijro etuvchi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar Palataning so‘rovi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida so‘ralayotgan ma’lumotlarni yozma shaklda bepul taqdim etishi shart.
Talabgorga sertifikat berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror Palata tomonidan ariza qabul qilingan kundan boshlab o‘n besh kun ichida qabul qilinadi.
Palata tomonidan talabgorga sertifikat berilgan taqdirda, sertifikat rasmiylashtirilgan kunning o‘zida bu haqda talabgorga ma’lum qilinadi hamda sertifikat va u bilan bog‘liq barcha hujjatlar Palataning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Sertifikat berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- Palata tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga asosan arizada ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi;
- arizaga ilova qilingan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish holatlari aniqlanganligi;
- shartnoma bo‘yicha majburiyatlar O‘zbekiston Respublikasi hududida boshlanmagan yoki sodir bo‘lmagan fors-major holatlar oqibatida bajarilmaganligi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida shartnomadan kelib chiquvchi majburiyatning bajarib bo‘linganligi;
- shartnoma bo‘yicha majburiyatning bajarilmaganligi fors-major holatlar davom etgan muddatlarga muvofiq emasligi;
- O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga muvofiq talabgorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilganligi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda mavjud emasligi, talabgorda zarur mablag‘larning bo‘lmaganligi;
- fors-major holat sud qaroriga asosan tasdiqlanganligi;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning fors-major holatlar mavjud emasligi bo‘yicha asoslantirilgan ma’lumotlari olinganligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra sertifikat berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sertifikat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng qayta kiritilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi, mazkur holatlar bundan mustasno:
- Keltirilgan ma’lumotlar va hujjatlar talabgor tomonidan to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa yoki taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar fors-major holatni tasdiqlash uchun yetarli bo‘lmasa. Palata sertifikat berish to‘g‘risidagi ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida talabgorga to‘liq taqdim etilmagan ma’lumot va hujjatlarni besh kun ichida taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuboradi.
Bu holda taqdim etilgan ariza yangidan kiritilgan hisoblanadi va Palata tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
Talabgor sertifikat berish rad etilganligi to‘g‘risidagi qaror, shuningdek, Palata mansabdor shaxsining xatti-harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.