Odatda biznesni qanday tashkil etish, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish haqida ko‘p yozamiz. Ammo biznesni qanday yopish yoki undan qanday chiqib ketish haqida hali yozmagadik.
Biznesdan chiqish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Ularning o‘ziga xosliklaridan bir nechalarini ko‘rib chiqishni tavsiya etaman.
Tugatish
Normativ hujjatlar:
• “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 704-son qaroriga 1-ilova).
• Fuqarolik Kodeksining 4 bobi.
Tugatish — tashkilot faoliyatini umumiy yig‘ilish qarori yoki sud qarori bo‘yicha to‘xtatish.
Jamiyatni tugatish o‘z ortidan faoliyatini uning huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga meros huquqi bo‘yicha o‘tkazmasdan to‘xtatishga sabab bo‘ladi.
Tashkilotni ixtiyoriy tugatish haqidagi qaror uning ta’sischilari (ishtirokchilari) tomonidan qabul qilinadi.
Ro‘yxatga oluvchi organning tegishli davlat reestriga bu haqda tegishli yozuv kiritilgandan keyingina tashkilot tugatilgan, tadbirkorlik sub’ekti, jismoniy shaxs faoliyati to‘xtatilgan hisoblanadi.
Hissasini kompaniyaga sotish
Normativ hujjat: “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” gi Qonun.
Jamiyat ishtirokchisi (kompaniya ta’sischilaridan biri) jamiyatning ustav fondidagi o‘z ulushini sotishga yoki boshqacha tarzda undan voz kechishga haqli. Bu holda ishtirokchi hissasini sotishi yoki uning bir qismidan voz kechishi mumkin.
Bunday harakat uchun, agar ustavda boshqa talablar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, jamiyatning va jamiyat boshqa a’zolarining roziligi talab etilmaydi.
O‘z ulushini jamiyat a’zosi sifatida boshqa ishtirokchilarga ham, shuningdek uchinchi shaxslarga ham sotishi va uning hisobiga voz kechishi mumkin. E’tibor bering, ustavda ulushni sotish yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish alohida taqiqlab qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin.
Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi. Jamiyat ishtirokchilari tomonidan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
O‘z ulushini uchinchi shaxsga sotish niyatida bo‘lgan jamiyat ishtirokchisi ulushning sotilish bahosini va boshqa shartlarni ko‘rsatgan holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning o‘zini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
To‘lovga qobiliyatsizlik
Normativ hujjat: “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonun To‘lovga qobiliyatsizlik – qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga qodir emasligining sud tamonidan tan olinishi hisoblanadi.
Quyidagilar to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari hisoblanadi:
vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa;
doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa.
Qarzdor – yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda quyidagi tartib-taomillar qo‘llaniladi:
• kuzatuv;
• sud sanasiyasi;
• tashqi boshqaruv;
• tugatishga doir ish yuritish.
Qo‘shib yuborish
Normativ hujjat: “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” gi Qonun.
O‘z faoliyatini tugatgan ikki yoki bir necha jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlarini o‘tkazish yo‘li bilan yangi jamiyatni tashkil etish jamiyatlarning qo‘shib yuborilishi deb e’tirof etiladi.
Qo‘shib yuborish shaklidagi qayta tashkil etishda ishtirok etuvchi har bir jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi ana shunday qayta tashkil etish to‘g‘risida, qo‘shib yuborish shartnomasini va qo‘shib yuborish natijasida tuzilayotgan jamiyatning ustavini tasdiqlash to‘g‘risida, shuningdek topshirish dalolatnomasini tasdiqlash to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.
Jamiyatlar qo‘shib yuborilganda ulardan har birining barcha huquqlari va majburiyatlari topshirish dalolatnomalariga muvofiq qo‘shib yuborish natijasida tashkil etilgan jamiyatga o‘tadi.
Birlashtirish
Normativ hujjat: “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” gi Qonun.
Bir yoki bir necha jamiyatni ularning huquqlari va majburiyatlarini boshqa jamiyatga o‘tkazgan holda tugatish jamiyatni birlashtirish deb e’tirof etiladi.
Har bir jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi bunday qayta tashkil etish to‘g‘risida, birlashtirish to‘g‘risidagi shartnomani tasdiqlash haqida qaror qabul qiladi, birlashtirilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi esa, topshirish dalolatnomasini tasdiqlash to‘g‘risida ham qaror qabul qiladi.
Bir jamiyat boshqasiga birlashtirilganda birlashtirilayotgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari birlashtirib olayotgan jamiyatga o‘tadi.