Va yana turizm sohasi uchun imtiyozlar!

18.07.2024 yilgi PQ №102 asosida turizm sohasi uchun navbatdagi imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi.

Imtiyozli moliyalashtirish

2024-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi orqali respublika tijorat banklari tomonidan 50 million AQSh dollari miqdorida milliy valyutada kredit liniyasi ochiladi.

Shartlar:

  • Foiz stavkasi – yillik 14%;
  • Kimlar uchun? – O‘zbekistonda rezident bo‘lgan turoperatorlar;
  • Maqsad: xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun aylanma mablag‘ bilan ta’minlash.

Shu bilan birga:

  • Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar (Rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan) uchun bank marjasi yillik 3% dan oshmaydi;
  • Turoperatorlarga ajratiladigan kredit muddati – 10 yil, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlardan ozod etiladi);
  • Rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari tijorat banklariga 12 yil muddatga ajratiladi, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr.

Bojxona imtiyozlari

2025-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan va litsenziya olgan turoperatorlarga quyidagi bojxona imtiyozlari taqdim etiladi:

  • Turoperatorlar tomonidan ekstremal turizm uchun import qilinadigan yengil yo‘ltanlamas transport vositalari (dvigatel hajmi kamida 2,4 litr) uchun bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25% miqdorida to‘lashga ruxsat beriladi.
  • To‘lov 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib amalga oshirilishi mumkin.

Muhim!
Agar transport vositasi import qilingan sanadan boshlab 3 yil ichida:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan tashqarida foydalanilgan bo‘lsa;
  • Sotilgan, boshqa shaxsga o‘tkazilgan yoki ijaraga berilgan bo‘lsa, bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘liq miqdorda import qilgan shaxsdan undiriladi.

2025-yil 1-avgustgacha

  • Turizm sohasi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Shu bilan birga:

  • Mazkur imtiyozlar faqat yangi transport vositalariga taalluqli bo‘lib, «Euro-5» ekologik standartiga va undan yuqori talablarga javob beradigan avtobuslarga, shuningdek, haydovchi joyidan tashqari kamida 8 o‘ringa ega mikroavtobuslarga nisbatan qo‘llaniladi.
  • Ushbu transport vositalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilingan bo‘lishi kerak.

Muhim!
Agar import qilingan avtobus yoki mikroavtobus 3 yil ichida:

  • Sotilsa yoki boshqa shaxsga o‘tkazilsa;
  • Ijaraga berilsa, taqdim etilgan bojxona imtiyozlari bekor qilinadi va bojxona boji to‘liq miqdorda import qilgan shaxsdan undiriladi.

Xarajatlarni qoplash (kompensatsiya)

Turizm sohasi tadbirkorlari, hunar ustalari, shuningdek, madaniyat va san’at vakillari Xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida ishtirok etish huquqiga ega.

Mazkur yarmarkalar va ko‘rgazmalar ro‘yxati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlaridan xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun kamida 1 milliard so‘m ajratiladi;
  • Faoliyat boshlaganiga 3 yildan oshmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarda pavilyon ijarasi bo‘yicha xarajatlarining 50% Turizm qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi;
  • Hunar ustalarining xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalardagi pavilyon ijara xarajatlari, mahsulotlarini tashish va aviachiptalar bo‘yicha xarajatlarining 50% Bandlik va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Hunarmandchilik va uy mehnatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Soliq imtiyozlari

2025-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston hududida kamida 3 kun davom etadigan va kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchini jalb etgan biznes tadbirlarni tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi soliq imtiyozi joriy etiladi: 2028-yil 1-yanvargacha ushbu tadbirlardan olingan daromad bo‘yicha foyda solig‘ini belgilangan stavkaning 50% miqdorida to‘lash imkoniyati taqdim etiladi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar