Ayollar uchun imtiyozlar
- Prezidentning 2022 yil 18 iyuldagi PQ-323 sonli “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan quyidagi imtiyozlar taqdim etilgan:
tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi;
ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
- Prezidentning 2022 yil 29 iyundagi «Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kasb va hunari bo‘lmagan ayollar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga kasblarga o‘qitilishi mumkin.
Bunda, nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi xotin-qizga kasbga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobaridan oshmagan miqdori davlat tomonidan qoplab beriladi;
Qishloq joylarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun subsidiyalar
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 sentyabrdagi 513-sonli qaroriga asosan 2022 yilning 1 oktyabridan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti kiritildi.