Soliq optimallashtirish va soliqdan bo‘yin tovlash: farqi nimada va tekshiruvdan qanday muammolarsiz o‘tish mumkin

Soliqlarni optimallashtirish — qonuniy. Soliqdan bo‘yin tovlash esa — jarimalar, hisoblar bloklanishi va hattoki jinoiy javobgarlik xavfi degani.

Soliqlarni qanday qilib qonuniy ravishda tejash mumkinligi va qanday xatolar soliq organlarining shubhasiga sabab bo‘lishi mumkinligini tushuntiramiz.

Soliq optimallashtirish nima?

Soliq optimallashtirish — bu soliq yuki qonunchilikda nazarda tutilgan vositalar orqali qonuniy ravishda kamaytiriladigan usuldir.

Unga quyidagilar kiradi:

  • tegishli soliq tizimini tanlash,
  • harajatlarning to‘g‘ri hisob-kitobi,
  • chegirmalar, imtiyozlar va subsidiyalardan foydalanish.

Soliqlarni optimallashtirish: soliqlarni kamaytirishning 5 ta qonuniy usuli

  1. Biznes modelingizga mos soliq tizimini tanlang
    Agar aylanmangiz 1 mlrd so‘mdan kam bo‘lsa ham, umumiy soliq tizimiga o‘tishingiz mumkin. Bu ayniqsa mijozlaringiz QQS bilan ishlasa va biznesingizda marjinallik past bo‘lsa foydali hisoblanadi.
  2. Ro‘yxatdan o‘tishdan oldin soliq imtiyozlarini tekshiring
    O‘zbekistonda faoliyat turi, investitsiya hajmi yoki erkin iqtisodiy zonalarda ishlashga qarab soliq imtiyozlari mavjud.
  3. Barcha xarajatlarni aniq hisobga oling
    Barcha cheklarni, hisob-fakturalarni va to‘lov hujjatlarini saqlang. To‘g‘ri rasmiylashtirish — tan olingan xarajatlar orqali soliqlarni kamaytirishning kalitidir.
  4. Ish haqi va badallar bo‘yicha imtiyozlardan foydalaning
    Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShDS) va ijtimoiy soliq bo‘yicha yengilliklar mavjud, shuningdek, maxsus dasturlar ishtirokchilarini ishga olgan ish beruvchilar uchun subsidiyalar taqdim etiladi.
  5. Amortizatsiyani esdan chiqarmang
    Asosiy vositalar bo‘yicha amortizatsiyani hisoblash usulini to‘g‘ri tanlash soliq solinadigan foydani qonuniy va samarali kamaytirishga yordam beradi.

Tavsiya qilamiz: kamida yarim yilda bir marta mutaxassislar ishtirokida soliq yukini tahlil qilishni amalga oshiring. Bu tasodifiy xatolardan qochish va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda tavsiyalar olish imkonini beradi.

Nega “genial sxemalar” ishlamaydi

Ba’zan tadbirkorlar (hatto buxgalterlar ham) hech kim sezmaydigan “ayyorona sxema” o‘ylab topganiga ishonishadi.
Lekin soliq xizmati barchasini ko‘rgan: “o‘lik” YATTlardan tortib, uchta yuridik shaxs va bitta direktor bilan ishlaydigan kompaniyalarigacha.

Soliq organlarida sohalar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlarga kirish imkoni, avtomatlashtirilgan algoritmlar va minglab tekshiruvlar tajribasi mavjud.
Nimaiki “genial g‘oya”dek tuyulmasin, amalda bu soliqdan bo‘yin tovlash sxemasi sifatida oson aniqlanadi.

Tadbirkorning soliq tejash istagini biz tushunamiz. Biroq qonuniy strategiyani ishlab chiqish ancha xavfsiz va foydalidir:

  • xarajatlarni optimallashtirish,
  • hisob-kitobni to‘g‘ri yuritish,
  • va qonunchilikda ko‘zda tutilgan real soliq vositalaridan foydalanish.

Soliqdan bo‘yin tovlash nima hisoblanadi?

Soliqdan bo‘yin tovlash — bu ataylab hisobotni buzib ko‘rsatish, soxta bitimlar yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan sxemalardan foydalanishdir.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • “o‘lik” YATTlar orqali faoliyat yuritish,
  • biznesni bo‘lib tashlash,
  • xarajatlarni sun’iy ravishda oshirish,
  • rasmiylashtirilmagan tushum va boshqa harakatlar.

Soliqdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik belgilangan: jarimalar, penya va og‘ir holatlarda — jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.

Soliqdan bo‘yin tovlashdan gumon qilish uchun soliq xizmati e’tibor qaratishi mumkin bo‘lgan 10 ta belgi

  1. Sohaga va hududga nisbatan past soliq to‘lovlari
    Agar kompaniyangizning soliq yuki o‘rtacha ko‘rsatkichlardan past bo‘lsa — bu tekshiruv uchun signal. Soliq xizmati har bir soha bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarga ega. Masalan, shaharning markazidagi kafe yaqin atrofdagi boshqa umumiy ovqatlanish joylariga qaraganda 3 baravar kamroq soliq to‘lasa — bu qiziqish uyg‘otadi.
  2. O‘sish yo‘qligi
    Kompaniya 5 yildan ortiq faoliyat yuritmoqda, lekin tushum, xodimlar soni yoki ish haqi oshmayapti — bu savol tug‘diradi: bunday biznesning maqsadi nima?
  3. Soxta yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) va mustaqil ishchilar
    Agar YATTlar faqat siz bilan ishlasa va mustaqil faoliyat yuritmasa — bu mehnat munosabatlarini yashirish alomati bo‘lishi mumkin.
  4. Xarajatlar daromadga mos emas
    Masalan, foydasi kam bo‘lgan kompaniya qimmat tadbirlar o‘tkazadi yoki biznes rivojiga ta’sir qilmaydigan qimmatbaho tovarlarni sotib oladi.
  5. Xarajatlar faoliyat turiga mos emas
    Masalan, reklama agentligi hech qanday yangi yo‘nalish ochmasdan tikuv uskunalarini sotib oladi.
  6. Buxgalterlar tez-tez almashinadi va hisobotlar kechiktiriladi
    Bu barqarorlik yo‘qligidan dalolat beradi va yashirin muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Masalan, professional buxgalter “shubhali sxemalar” bilan ishlaydigan kompaniyada ishlashni xohlamaydi — bu uning o‘zi uchun ham xavfli.
  7. Yetkazib beruvchilarga va xodimlarga bo‘lgan qarzlar hisobdan chiqariladi
    Kompaniyalar doimiy ravishda o‘z pudratchilariga bo‘lgan qarzlarni yarashuv dalolatnomasisiz va iqtisodiy asosni tasdiqlovchi hujjatlarsiz “kechiradi”. Bunday holatlar naqd to‘lovlarni yoki soxta majburiyatlarni yashirish harakati sifatida ko‘rilishi mumkin.
  8. Tushumdagi keskin o‘zgarishlar (asosiy sabablarsiz)
    Bozor vaziyatiga bog‘liq bo‘lmagan daromaddagi beqarorlik hisobotni manipulyatsiya qilishga urinish sifatida baholanishi mumkin.
  9. Biznesni bo‘lib tashlash
    Bir xil ta’sischilar, mijozlar va manzil bilan ro‘yxatdan o‘tgan bir nechta yuridik shaxslar yoki YATTlar — sun’iy ravishda bo‘lingan biznes belgisidir. Oldin bitta kompaniya edi, endi uchta MCHJ va bitta YATT — lekin assortiment, sayt, ofis va mijozlar bir xil.
  10. Qarindoshlar bilan tuzilgan bitimlar
    Masalan, ofisni akadan oshirib yuborilgan narxda ijaraga olish yoki natijasi va qiymati tasdiqlanmagan qarindoshlardan “konsultatsiya” olish.

O‘zingizni qanday himoya qilish mumkin?

  • Faqat professional buxgalterlar bilan ishlang
  • “Soyadagi” sxemalardan foydalanmang
  • Hisobotingiz qonunchilikka muvofiqligini muntazam tekshirib boring

Bizning jamoa 15 yildan beri O‘zbekistondagi bizneslarga soliq yukini qonuniy va professional tarzda, ortiqcha xatarsiz kamaytirishda yordam berib kelmoqda.

Biz buxgalteriya hisobini yuritamiz, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni kuzatib boramiz va soliq organlari bilan siz o‘rniga muloqot qilamiz.

Ariza qoldiring — biz hujjatlar tartibini qanday yo‘lga qo‘yish va soliqlarni qonunni buzmasdan optimallashtirish bo‘yicha sizga ko‘rsatma beramiz.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar