“Oilaviy tadbirakorlik to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ № 372, 26.04.2012 y.) 2012 yilda chiqqan, biroq unga hozirgi kungacha o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritib kelinadi.
Oilaviy tadbirkorlik nima
Oilaviy tadbirkorlik oila a’zolari tomonidan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyatidir.
Oilaviy tadbirkorlikni yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Oilaviy korxona – yuridik shaxs bo‘lib, uning ishtirokchilari – ishtirok etuvchilarning biri boshchiligida faqat yaqin qarindoshlar bo‘lishi mumkin.
Oilaviy korxona ishtirokchisi uning ishida shaxsan qatnashishi shart. Bir oilaviy korxona ishtirokchisi bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas.
E’tibor bering, oilaviy korxona ishtirokchilari majburiyatlar, shu jumladan shaxsiy mulk bo‘yicha ham javobgar hisoblanadi, agar korxonada mablag‘ yetishmay qolsa qarzlarni to‘laydi.
Oilaviy korxonaning imtiyozlari
- Korxona tomonidan resurslar solig‘i va kommunal to‘lovlar jismoniy shaxslar uchun stavkalar bo‘yicha to‘lanadi.
- Oilaviy korxona ishtirokchilariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni ulardan oilaviy korxona faoliyatida foydalanish maqsadida yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga aylantirish talab qilinmaydi, bundan faoliyatning ayrim turlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
- Oilaviy korxonalarga davlat organlari, odatdagidek foydalanilmayotgan yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni ijaraga taqdim etishda, ishlab chiqarish maydonchalari qurish uchun yer ajratishda, oilaviy korxona ishlab chiqarish ob’ektlarini injenerlik-kommunikasion tarmoqlarga ulanishda, oilaviy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizasiya qilish uchun maxsus joylarni taqdim etishda ko‘maklashadilar.
Oilaviy tadbirkorlik uchun cheklovlar
- Oilaviy korxona faoliyatning ayrim turlarini faqat maxsus ruxsatnoma (lisenziya) mavjud bo‘lganda amalga oshirishi mumkin.
- Oilaviy korxona aksiz solig‘i to‘lanadigan mahsulotni ishlab chiqarishni va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshirishi mumkin emas.
- Oilaviy korxona faoliyatida zaharli, radioaktiv moddalar va materiallardan, yuqori bosimli asbob-uskunalardan hamda inson va atrof-muhit uchun katta xavf tug‘diradigan boshqa asbob-uskunalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Oilaviy korxona tomonidan sanoat tusidagi faoliyatni ko‘p kvartirali uyning turar joylarida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.