MChJ qonunchiligidagi o‘zgarishlar

Prezidentning “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (08.11.2022 y. PQ-415) qarori asosida ba’zi me’yoriy hujjatlarga, jumladan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (keyingi o‘rinlarda MChJ) ga  taalluqli hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi. 

2022 yil 1 dekabrdan boshlab bekor qilinadi:

a) quyidagi tashkilotlarga nisbatan ichki audit xizmatlarini tashkil etish:

mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, bundan aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming barobaridan ko‘p bo‘lgan, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, shuningdek, kredit tashkilotlari mustasno;

aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming barobaridan kam bo‘lgan, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari;

b) mas’uliyati cheklangan jamiyatning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

v) mas’uliyati cheklangan jamiyatning yuridik shaxs hisoblangan ishtirokchilari vakillariga umumiy yig‘ilishda ishtirok etish uchun beriladigan ishonchnomani notarial tartibda tasdiqlash;

g) mas’uliyati cheklangan jamiyatda zaxira jamg‘armasi tashkil etilganda, uning miqdorini ustav fondining (ustav kapitalining) kamida 15 foizi etib belgilash.

2023 yil 1 martdan boshlab unitar korxona yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tashkiliy-huquqiy shaklida yuridik shaxs tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xo‘jalik jamiyatlarining ishtirokchisi (aksiyadori) va kreditorlari huquqlarini himoya qilish maqsadida  2023 yil 1 apreldan boshlab:

mas’uliyati cheklangan jamiyat ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shiladigan ishonchsiz hissalar, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravaridan ko‘p bo‘lgan pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va baholangan qiymatdan yuqori bo‘lishi mumkin emas;

yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali qayta tashkil etilganda, korxonalarning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga o‘tgan hisoblanadi;

xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining aksiya, korporativ obligasiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor qilinadi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab xo‘jalik jamiyatining filiallari, vakolatxonalari tashkil etilganligi va uning ustav fondi (ustav kapitali) shakllantirilganligi hamda to‘lovga qobiliyatsizligi yuzasidan ish qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilinadi.

Bunda, mazkur ma’lumotlar mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga kiritib boriladi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar