Masofaviy soliq tekshiruvi qachon o‘tkaziladi?
Masofaviy soliq tekshiruvi majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanganda o‘tkaziladi.
Soliq to‘lovchilar tomonidan mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvlari soliq organlarining axborot tizimida tashkil etiladi.
O‘tkazilgan masofaviy soliq tekshiruvlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborotlarni qayta ishlash markazi tizimida joylashtiriladi.
Tekshiruv qancha davom etadi?
Masofaviy soliq tekshiruvi besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Masofaviy soliq tekshiruvi qanday tayinlanadi?
Masofaviy soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.
Masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddati va maqsadlari ko‘rsatiladi.
Masofaviy soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
Tadbirkor tekshiruv haqida oldindan xabardor qilinadimi?
Masofaviy soliq tekshiruvi tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilmasdan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda o‘tkaziladi.
QOIDABUZARLIK ANIQLANSA NIMA BO‘LADI?
Masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuziladi
Agar masofaviy soliq tekshiruvi paytida soliq to‘lovchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227-1-moddasiga muvofiq javobgarlik belgilangan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holati aniqlansa, tekshiruvni o‘tkazgan mansabdor shaxs tomonidan ushbu Nizomga 25-ilovaga muvofiq shaklda majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzilganligi holatlarini qayd etuvchi masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuziladi.
Dalolatnoma masofaviy soliq tekshiruvi boshlangan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, biroq masofaviy soliq tekshiruvi muddati tugashi kunidan kechiktirmay planshet yoki kompyuter texnikasi yordamida elektron raqamli imzodan (barmoq izi yoki grafik imzo) foydalangan holda elektron shaklda tuziladi.
Dalolatnoma soliq to‘lovchiga qanday yuboriladi?
Masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasining elektron nusxasi barcha ilova qilinadigan hujjatlar bilan birga soliq to‘lovchiga uning shaxsiy kabineti orqali masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan keyingi kun, biroq masofaviy soliq tekshiruvi muddati tugash kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Agar elektron shakldagi soliq tekshiruvi hujjatlarida maxsus QR-kod mavjud bo‘lsa, bu hujjatlar qog‘oz shaklidagi hujjatlarga tenglashtiriladi.
Agar soliq to‘lovchi shaxsiy kabinetining holati faol bo‘lmagan taqdirda, dalolatnoma qog‘oz ko‘rinishida pochta orqali yuboriladi.
SOLIQ TO‘LOVCHI NIMA QILISHI KERAK?
Dalolatnoma bo‘yicha munosabat bildirish uchun 5 kun beriladi
Soliq to‘lovchi masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasining elektron shaklini olgan kundan e’tiboran besh kun ichida masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasi yuzasidan o‘z munosabatini shaxsiy kabineti orqali rozilik yoki rad etish tugmasini bosish orqali bildirishi lozim.
Agar soliq to‘lovchi javob bermasa, rozilik bildirgan deb hisoblanadi
Soliq to‘lovchi tomonidan masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasi yuzasidan munosabat belgilangan muddatlarda bildirilmagan taqdirda, ushbu dalolatnoma bo‘yicha roziligi ifodalangan deb hisoblanadi.
Agar dalolatnoma qog‘oz ko‘rinishida pochta orqali yuborilgan bo‘lsa, soliq to‘lovchi ushbu dalolatnomani olgan kunidan e’tiboran besh ish kuni ichida mazkur dalolatnoma yuzasidan o‘z munosabatini soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organiga pochta orqali taqdim etishi lozim.
Tekshiruv qachon yakunlangan hisoblanadi?
Masofaviy soliq tekshiruvi dalolatnomasining elektron shakli soliq to‘lovchiga uning shaxsiy kabineti orqali yuborilgan (agar soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetining holati faol bo‘lmagan taqdirda, dalolatnoma qog‘oz ko‘rinishida pochta orqali yuborilgan) kun soliq tekshiruvi yakunlangan kun hisoblanadi.
MOLIYAVIY JAZO QANDAY QO‘LLANILADI?
Masofaviy soliq tekshiruvi paytida soliq to‘lovchi tomonidan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda ish yuritiladi.
Moliyaviy jazo to‘g‘risidagi qaror qachon qabul qilinadi?
Masofaviy soliq tekshiruvi bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma asosida soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun moliyaviy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e’tiboran uch ish kuni o‘tgach, biroq besh ish kunidan kechirtirmay qabul qilinadi.
Majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun soliq to‘lovchiga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan keyingi kun soliq to‘lovchiga uning shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Qarorni bajarish uchun qancha vaqt beriladi?
Soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun moliyaviy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori soliq to‘lovchi tomonidan soliq organining qarori olingan sanadan boshlab bir oy muddatdan kechiktirilmasdan bajariladi.
Qaror ixtiyoriy bajarilmasa nima bo‘ladi?
Soliq to‘lovchi masofaviy soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorni ixtiyoriy bajarmagan taqdirda, soliq qarzi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 120-124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda soliq organi tomonidan mustaqil ravishda undiriladi.
MOLIYAVIY JAZO SUMMALARI QAYERGA YO‘NALTIRILADI?
Soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan masofaviy soliq tekshiruvi natijasida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan moliyaviy jazo choralari summalarining 80 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga, 20 foizi Soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslarda o‘tkazilgan masofaviy soliq tekshiruvi natijasida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan moliyaviy jazo choralari summalarining 60 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga, 40 foizi Soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
QAROR USTIDAN SHIKOYAT QILISH MUMKINMI?
Soliq organining masofaviy soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
Soliq qo‘mitasining qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Yuqori turuvchi soliq organiga tushgan shikoyatlar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 30-bobida belgilangan tartibda qo‘rib chiqiladi.