Kamroq hisobot, ko‘proq avtomatlashtirish: soliq ma’murchiligidagi yangi o‘zgarishlar

2026-yil 19-maydagi PF-95-son Prezident Farmoniga muvofiq, soliq ma’murchiligining ayrim qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

4. Belgilansinki:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(i) tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

(ii) soliq xavfi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchilarga aniqlangan xavflar toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;

(iii) yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi;

(iv) tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari amaldagi moliyalashtirish tartibi va moddiy-texnika bazasini saqlab qolgan holda “Soliq-servis” AJ tasarrufiga oʻtkaziladi;

(b) 2026-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozlarga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq toʻlovchilar tomonidan:

(i) soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini;

(ii) soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi;

(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(i) yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan neft va gaz mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi va noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, qishloq xoʻjaligi yerlari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari proaktiv tartibda shakllantiriladi;

(ii) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

(iii) jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash idoralararo axborot tizimi maʼlumotlari asosida proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qoʻllash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.

5. Belgilansinki, quyidagi soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi, soliq hisobini yuritish va nazorati tegishincha tumanlar (shaharlar) soliq inspeksiyalarida amalga oshiriladi, bundan yirik soliq toʻlovchilar mustasno:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab bozorlar va savdo komplekslari, shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;

(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha soliq toʻlovchilar.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan soliq toʻlovchilarga nol darajali soliq stavkasini qoʻllash va koʻchmas mulklar xaridi hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Bunda soliq toʻlovchilarning ayrim toifalari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini tezlashtirilgan tarzda qoplashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;

(b) qarz (moliyaviy yordam) va omborda omonat saqlash shartnomalari soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.

Belgilansinki:

(a) 2027-yildan 1-yanvardan boshlab avvalgi yilning 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi oʻn ikki oylik davr boʻyicha Davlat budjetiga toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 500 ming baravaridan ortiq boʻlgan korxonalar va tijorat banklari yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiruvchi oʻta yirik soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi hamda ularning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi;

(b) oʻta yirik soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi yirik soliq toʻlovchilar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar