O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 303-sonli qarori asosida raqamli texnologiyalar sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tanlov asosida grantlar berish tartibi joriy etildi.
Tanlovda kim ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning ariza berish kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida maxsus platformada «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikasiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda ishtirok etishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun faqat 1 ta pozisiya bo‘yicha ariza yuborishga ruxsat etiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi.
Ishtirokchilar tomonidan tanlov doirasida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilmaydi.
Grant miqdorlari
Grant sovrindorlariga quyidagi 3 (uchta) pozisiya bo‘yicha grant asosida mablag‘lar ajratiladi:
istiqbolli g‘oyaga — 150 million so‘mgacha;
mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 million so‘mgacha;
jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 milliard so‘mgacha.
Konkursni o‘tkazish tartibi
Tanlov 2024 yil 1 iyuldan boshlab har yili mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda quyidagi 3 ta pozisiya bo‘yicha o‘tkaziladi:
istiqbolli g‘oyalar — istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori bo‘lgan prototipni ishlab chiqish jarayonidagi loyihalar o‘rtasida;
mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyiha — O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan loyihalar o‘rtasida;
jahon bozoriga ixtisoslashgan loyiha — jahon bozoriga chiqish istagida bo‘lgan loyihalar o‘rtasida.
Birinchi bosqichda tanlov komissiyasi tomonidan har yili 1 iyulga qadar maxsus platformada tanlov e’lon qilinadi va arizalarni qabul qilish jarayoni boshlanadi.
Ikkinchi bosqichda har yili 1 avgustga qadar ariza beruvchilar tomonidan ariza va unga ilova qilingan materiallar maxsus platforma orqali topshiriladi.
Uchinchi bosqichda ishchi organ har yili 25 avgustga qadar maxsus platforma orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning to‘liqligi hamda mazkur Nizom talablariga mosligini tekshiradi.
To‘rtinchi bosqichda har yili 25 noyabrga qadar tanlov komissiyasi belgilagan sanada ishtirokchilar tomonidan loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi.
Beshinchi bosqichda mas’ul tashkilot tomonidan aniqlangan grant sovrindorlari rasman taqdirlash marosimida e’lon qilinadi va ushbu natijalar e’lon qilinganidan so‘ng ikki kun ichida maxsus platformada ham joylashtiriladi.
Grant sovrindorlarini taqdirlash marosimi har yili 25 dekabrga qadar tanlov komissiyasi tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.
Tanlov bosqichlari o‘tkaziladigan muddatlar va sanalarga tanlov komissiyasi tomonidan o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Bunda, muddati va/yoki sanasiga o‘zgartirish kiritilgan tanlov bosqichi boshlanishidan bir hafta oldin maxsus platformada o‘zgartirishlar haqida e’lon joylashtiriladi.