O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 589-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom va Prezidentning 2019-yil 15-iyuldagi PF-5099 sonli Farmoniga asosan Texnopark rezidentlariga imtiyoz va preferensiyalar berildi.
Texnopark rezidentlari uchun:
- tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan tushumlar doirasida xorijiy ta’sischilar (ishtirokchilar) va chet ellik mutaxassislariga dividendlar va ish haqi to‘lovlarini chet el valyutasida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
- belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
- tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan tushumlar doirasida xorijiy ta’sischilar (ishtirokchilar) va chet ellik mutaxassislariga dividendlar va ish haqi to‘lovlarini chet el valyutasida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
- virtual ofisi bo‘lgan taqdirda o‘z faoliyatini xodimlarning jismoniy aralashuvisiz yuridik (pochta) manzili orqali amalga oshiriladi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi tasdiqnomalarini olmasdan turib chet ellik mutaxassislarni jalb etadi;
- eksportni onlayn do‘konlari orqali, eksport kontraktisiz amalga oshiradi;
- eksport qilingan tovar (xizmat)larning hajmi o‘n ikki oy davomida 10 million AQSh dollaridan oshganda 25 foizga, 20 million AQSh dollaridan oshganda 50 foizgacha Direksiyaga har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdori pasaytiriladi;
Texnopark rezidentlari bilan mehnat shartnomalari bo‘yicha xodimlar tomonidan olingan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar:
- 7,5 foiz miqdordagi qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortiladi;
- soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmaydi;
2025 yil 1 yanvarga qadar Texnopark rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) — O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining besh foiz stavkasi tatbiq etiladi.
Imtiyozlarning qo‘llanilishi:
- soliqlar va majburiy ajratmalar bo‘yicha — yuridik shaxs Rezidentlarning yagona reestriga kiritilgan oydan keyingi oyning 1-kunidan;
- bojxona to‘lovlari bo‘yicha — bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatining kompleks ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi olingan kundan boshlab qo‘llaniladi.
Texnopark rezidentining huquqlari:
- tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan tushumlar doirasida xorijiy ta’sischilar (ishtirokchilar) va chet ellik mutaxassislariga dividendlar va ish haqi to‘lovlarini chet el valyutasida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi tasdiqnomalarini olmasdan turib chet ellik mutaxassislar jalb etiladi;
- faoliyatini virtual ofisdan foydalangan holda amalga oshiradi;
- eksport kontraktisiz Internet jahon axborot tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali xorijiy valyutaga ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshirish huquqiga ega.
- Texnopark rezidenti Direksiya bilan tuzilgan Texnopark rezidentining faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Direksiya tomonidan Texnopark rezidentlariga virtual ofis quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:
- Direksiyaning veb-portalidagi shaxsiy kabineti orqali taqdim etilgan arizasiga binoan;
- Texnopark rezidentining ijro etuvchi organi rahbari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan taqdirda.
Virtual ofis Texnopark rezidentining ariza berish vaqtida soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan joy bo‘yicha taqdim etiladi.
Texnopark rezidenti virtual ofis shartnomasi tuzilganidan (bekor qilinganidan) keyin ta’sis hujjatlaridagi yuridik (pochta) manzilini belgilangan tartibda o‘zgartirish majburiyatini oladi.
Virtual ofisning shartnoma shakli Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Virtual ofisni taqdim etish xizmatlarining narxi Direksiya tomonidan belgilanadi.
Direksiya bilan virtual ofis shartnomasini tuzgan Texnopark rezidentlariga, quyidagi talablar qo‘llanilmaydi:
- yuridik manzilida yuridik shaxslarning yo‘qligi uchun hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish;
- faoliyat yuritayotgan xodimlarning turar joy binolarini noturar joy toifasiga o‘tkazish;
- ko‘chmas mulki, ko‘chmas mulk ijarasi va (yoki) undan tekin foydalanish shartnomalari mavjud emasligi hamda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik (pochta) manzilida joylashmaganlik uchun yuqori darajadagi tavakkalchilik toifali soliq to‘lovchi mezoniga kiritish, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasining amal qilinishini to‘xtatib turish hamda shu holatlar bo‘yicha soliq nazorati choralarini qo‘llash.
Qanday qilib texnopark rezidenti bo‘lish mumkin
Yuridik shaxslar Texnopark rezidenti maqomini olish uchun quyidagi mezonlarga muvofiq bo‘lishlari kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak;
b) Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq faoliyat turini (turlarini) (keyingi o‘rinlardagi — ro‘yxat) amalga oshirish;
c) ro‘yxatda belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha iqtisodiy asoslangan biznes-rejalarga ega bo‘lish. Biznes-rejada ro‘yxatda ko‘rsatib o‘tilgan bir yoki bir nechta faoliyat turlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq tadbirlar, xizmatlarni sotish uchun mo‘ljallangan xizmat turlari va ularning hajmi, ularni amalga oshirish zarurligi asoslanishi, taklif etilayotgan loyihaning monetizasiya modeli, rejalashtirilayotgan moliyaviy-iqtisodiy faoliyat natijalari ko‘rsatiladi. Biznes-rejaning shakli va unga bo‘lgan talablar Direksiya tomonidan tasdiqlanadi.
d) soliq solish ob’ektlari va soliq solish bilan bog‘liq ob’ektlarga taalluqli buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa boshlang‘ich hujjatlarini avtomatlashtirish yo‘nalishlarida ishlab chiqiladigan avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini (axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlari) majburiy ravishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash.
e) axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyati uchun Texnopark rezidenti maqomini olish maqsadida ariza bergan yuridik shaxslar Texnopark hududi yoki Direksiya filiallarining yuridik manzilida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu manzilda joylashgan bo‘lishi;
f) kibersport sohasida xizmat ko‘rsatish uchun Texnopark rezidenti maqomini olish maqsadida ariza bergan yuridik shaxslar Direksiya tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi.
Rezidentga qo‘yiladigan majburiy talablar
- Texnopark rezidentining majburiyatlari:
- faqat ro‘yxatdagi faoliyat turlariga asoslangan biznes-rejada ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlarini amalga oshirishi;
- Direksiya bilan tuzilgan Texnopark rezidentining faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomaga amal qilishi;
- o‘z faoliyati to‘g‘risida Direksiya tomonidan tasdiqlanadigan muddatlarda va shaklga ko‘ra axborot, jumladan, statistik va soliq hisobotini veb-portal orqali taqdim etishi;
- har oyda hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechikmay Direksiyaning talab qilib olinadigan depozit hisobvarag‘iga jami daromadning bir foizi miqdorida ajratma o‘tkazishi.
- har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyuligacha moliya-xo‘jalik faoliyati majburiy auditini o‘tkazishi va maxsus savolni tekshirish natijalari bo‘yicha auditor hisobotining hamda auditorlik xulosasining nusxasini veb-portal orqali Direksiyaga yuborishi, bunda maxsus savolni tekshirish natijalari bo‘yicha auditor hisobotida yuridik shaxsning haqiqatda amalga oshirgan faoliyati, ro‘yxatda belgilangan faoliyat turlariga muvofiqligi masalalari hamda moliyaviy yil davomida amalga oshirilgan faoliyat turlari va ularni amalga oshirish natijasida olingan umumiy tushumdagi ulushi, eksport hajmi va tarkibi hisobga olinishi, auditorlik xulosasida esa, olingan tushum va yuridik shaxsning haqiqatda amalga oshirgan faoliyati Ro‘yxatda belgilangan faoliyat turlariga muvofiqligi ko‘rsatilishi;
- Texnopark rezidenti taqdim etilgan biznes-rejada ko‘rsatib o‘tilmagan yangi faoliyat turlarini Direksiya tomonidan yangi (qo‘shimcha) biznes-reja tasdiqlangandan keyin amalga oshirishi;
- o‘quv kurslari tashkil etilgan taqdirda har yili Direksiyaga axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv kurslari haqida ma’lumot berishi hamda ushbu kurslar doirasida o‘quv dasturini kelishishi;
- soliq solish ob’ektlari va soliq solish bilan bog‘liq ob’ektlarga taalluqli buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa boshlang‘ich hujjatlarini avtomatlashtirish yo‘nalishlarida ishlab chiqiladigan avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini (axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlari) majburiy ravishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
- Texnopark rezidenti Direksiya bilan tuzilgan Texnopark rezidentining faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin;
- axborot texnologiyalari sohasida ingliz tilini o‘qitish xizmatidan tushgan mablag‘lar hajmi axborot texnologiyalari sohasidagi ta’limdan yillik umumiy daromadning 40 foizidan oshmasligini ta’minlashi shart.