30.01.2025 yildagi 34-sonli PQ qaroriga asosan chorvachilik va parrandachilik uchun imtiyozlar va preferensiyalar joriy etiladi.
Soliq imtiyozlari va preferensiyalar
2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan Davlat budjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini har oyning 25 sanasiga qadar qaytarish tartibini joriy etish. Bunda ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil qiladigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tatbiq etiladi.
Naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini 2028-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish.
Bojxona imtiyozlari va preferensiyalar
2028-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik-naslchilik korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xo‘jaliklarga jo‘jalarni yetkazib berishda foydalaniladigan motorli transport vositalariga (TIF TN kodi 8704 22 920 9) import bojxona bojini 5 foiz hamda dvigatelning har bir kub sm uchun 1,2 AQSh dollari etib belgilash.
Boshqa imtiyozlar va preferensiyalar
Chorva hayvonlari, jumladan, qoramol, qo‘y-echkilar va nasldor otlarning embrionlarini tayyorlash uchun veterinariya dori vositalarini, shuningdek, davlat veterinariya laboratoriya tekshiruvlarida qo‘llanadigan tashxis test tizimlarini olib kirishda veterinariya dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomasini berishda ko‘rsatiladigan pulli xizmat uchun haq undirishni bekor qilish.
Parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun 2025-yil 1-fevralga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirish. Bunda:
mazkur mablag‘lar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha “Parranda boqish — daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi;
ushbu loyiha aholi bandligini ta’minlash maqsadida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xo‘jaliklarni salohiyatli yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiya tizimini tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga amalga oshiriladi.