2027-yildan uy-joylarni sotishda soliq solish va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi qoidalari
2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qarorga asosan, 2027-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan uy-joylarni sotishdan olingan daromadni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan (JShDS) ozod qilish maqsadida mulkka egalik qilish muddatini aniqlash tartibi o‘zgaradi.
Shuningdek, mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ko‘chmas mulkka nisbatan cheklovlarni rasmiylashtirish tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritiladi.
1. Meros yoki hadya sifatida olingan uy-joylarni sotishda JShDSni hisoblash tartibi o‘zgaradi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mulkida 36 kalendar oydan kam muddat bo‘lgan turar joy ko‘chmas mulkini sotishdan olingan daromadlariga JShDS solinadi. Agar uy-joy 36 oy yoki undan ortiq muddat davomida mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan bo‘lsa, uni sotishdan olingan daromad JShDSdan ozod qilinadi.
2027-yil 1-yanvardan meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan uy-joylar uchun ushbu muddatni hisoblashning yangi tartibi joriy etiladi.
36 oylik muddat uy-joy yangi mulkdor nomiga rasmiylashtirilgan sanadan emas, balki vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining ushbu uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Masalan:
2020-yilda ota kvartira sotib olib, unga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
2026-yilda u kvartirani qiziga hadya qilgan.
2027-yilda qizi hadya sifatida olgan kvartirasini sotishga qaror qilgan.
Yangi qoidaga ko‘ra, mulkka egalik qilish muddatini aniqlashda otaning mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana, ya’ni 2020-yil hisobga olinadi.
Shunday qilib, belgilangan 36 oylik muddat allaqachon o‘tgan bo‘ladi va boshqa shartlarga ham rioya etilgan taqdirda, uy-joyni sotishdan olingan daromad JShDSdan ozod qilinadi.
2. Ko‘chmas mulkni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rniga oshirilgan stavkalarda to‘lov undirilishi nazarda tutilmoqda
2027-yil 1-yanvardan mulkdor ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmagan holatlarga nisbatan yangi yondashuv joriy etiladi.
Agar ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida murojaat qilish muddati buzilganligi aniqlansa, ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash o‘rniga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun oshirilgan stavkalarda to‘lov undirilishi nazarda tutiladi.
3. Taqiq yoki xatlov qo‘yilgan ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish
Qarorga ko‘ra, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyga garovga oluvchining roziligisiz yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi.
Bunda majburiy shart nazarda tutilgan.
Ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxs mulkdorning, garovga oluvchining yoki taqiqni qo‘yish yoxud olib tashlash uchun mas’ul organning murojaati asosida o‘zining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi bekor qilinishiga oldindan rozilik berishi kerak.
4. Kredit to‘liq so‘ndirilgandan so‘ng taqiqni avtomatik ravishda olib tashlash
Yana bir o‘zgarish kredit majburiyatlari bilan bog‘liq cheklovlar qo‘yilgan ko‘chmas mulk obyektlari va transport vositalariga taalluqlidir.
Qarorga muvofiq, davlat organlari 2026-yil 1-noyabrga qadar kreditlar to‘liq so‘ndirilganda tegishli taqiqlarni proaktiv shaklda avtomatik ravishda olib tashlash tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak.
Shunday qilib, kredit majburiyatlari to‘liq bajarilgandan so‘ng, nazarda tutilgan mexanizm doirasida cheklovlar fuqaroning alohida murojaatisiz olib tashlanishi kerak.
Maqola muallifi Yevgeniya Son,
sertifikatlangan auditor,
Yaran Consulting buxgalteriya kompaniyasi rahbari.