Prezidentning 2023 yil 14 sentyabrdagi PQ-306 sonli qaroriga asosan kichik biznesni muntazam qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Dastur ishtirokchilari uchun ikki holatda qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan
a) moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishnida:
- tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratish va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing berish. Bunda, 100 million so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi;
- qiymati 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga berish;
- 24 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining yangi loyihalariga va mavjud ishlab chiqarishni kengaytirishga oid loyihalariga bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino-inshootlar va boshqa ko‘rinishdagi moddiy aktivlar bilan 20 foizgacha, biroq 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qiymatda ulushdor bo‘lib kirish;
- innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so‘mgacha grant mablag‘larini ajratish;
b) konsultativ qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida – axborot va maslahatlar berish:
- litsenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish masalalari, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, eksport va import operatsiyalari, shartnomalarni rasmiylashtirish;
- davlat xaridlarida ishtirok etish, shuningdek, yer uchastkalari va bino-inshootlarni sotib olish yoki ijaraga olish va loyihalashtirish;
- tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi imtiyoz va preferensiyalar, mavjud boshqa yengilliklar va imkoniyatlar bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar berish.
Dasturda kimlar ishtirok etishi mumkin
- kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari;
- oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.