Soliq kodeksining 54-bobiga muvofiq jismoniy shaxslarga ayrim imtiyozlar taqdim etiladi. Ushbu maqolada biz faqat ish beruvchi o‘z xodimlariga nisbatan qo‘llashi mumkin bo‘lgan imtiyozlarni qoldirdik.
378-modda. Soliq solinmaydigan daromadlar
Quyidagi daromad turlariga soliq solinmaydi:
1) moddiy yordam summalari:
- vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
- ushbu Kodeksning 377-moddasida ko‘rsatilgan boshqa hollarda, – soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
Soliq kodeksining 377-moddasidan:
10) quyidagicha ko‘rsatiladigan moddiy yordam:
vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga ko‘rsatiladigan;
xodimga mehnatda mayib bo‘lganligi, kasb kasalligi yoxud sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetganligi bilan bog‘liq holda ko‘rsatiladigan;
bola tug‘ilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan o‘tishi munosabati bilan ko‘rsatiladigan;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablag‘lar berish tarzida ko‘rsatiladigan moddiy yordam;
2) soliq agenti tomonidan quyidagi yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari, bundan turistik yo‘llanmalar mustasno:
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymatini nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan ushbu ish beruvchida ishlamaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort hamda sog‘lomlashtirish muassasalariga o‘z xodimlarining o‘n olti yoshgacha bolalari (o‘qiydiganlarga – o‘n sakkiz yoshgacha) uchun yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
3) o‘z xodimlariga hamda ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan to‘langan summalar, shuningdek ish beruvchining davolashga hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishga, nogironlik profilaktikasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olishga oid xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatganlik uchun ish beruvchilar tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq to‘langan taqdirda, shuningdek sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan naqd pul mablag‘lari bevosita xodimga, xodim yo‘qligida esa – uning oila a’zolariga, ota-onasiga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar xodimning bankdagi hisobvarag‘iga kiritilgan taqdirda, bu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;
5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lsa;
10) ish beruvchidan soliq davri mobaynida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha bo‘lgan qiymatdagi:
- xodimlar natura shaklida olgan sovg‘alar;
- ilgari mazkur ish beruvchining xodimlari bo‘lgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yo‘qotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila a’zolari tomonidan olingan sovg‘alar hamda boshqa turlardagi yordam;
16) soliq to‘lovchining quyidagilarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari:
- O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lov. Mazkur imtiyoz soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlariga nisbatan ham qo‘llaniladi;
- farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar;
- soliq bazasining 50 foizidan oshmagan holda, mecenatlik ko‘magini ko‘rsatish;
- olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravarigacha bo‘lgan miqdorda qoplashga, basharti uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobga olingan holda amalga oshirilgan bo‘lsa. Mazkur soliq imtiyozi qarz oluvchiga va (yoki) birga qarz oluvchilarga nisbatan, basharti ularning soliq solinmaydigan daromadlari jami summasi belgilangan miqdordan oshmasa, tatbiq etiladi. Bunda yosh oila bo‘lgan er-xotinning olgan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlariga nisbatan soliq imtiyozi er-xotin yoki ulardan biri belgilangan yoshga to‘lguniga qadar, ushbu xatboshida byudjetdan ajratilgan subsidiyalar bo‘yicha belgilangan shartlar inobatga olinmagan holda qo‘llaniladi. Agar 2023 yil 1 yanvardan keyin ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz olti oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq imtiyozining amal qilishi soliq imtiyozini qo‘llashning butun davri uchun soliqni to‘lash majburiyati tiklangan holda bekor qilinadi;
- fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga;
20-1) Ijtimoiy himoya yagona reestriga yoki Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalari;
21) soliq to‘lovchining soliq davri davomida quyidagilarni to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi ish haqi summalari va boshqa daromadlari:
- xalqaro tashkilotlarga a’zolik badallarini, tegishli xalqaro tashkilot a’zosi sifatida bunday badallarning to‘langanligi to‘g‘risida hujjat mavjud bo‘lganda;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga to‘lovlarni, kursni tugatganlik to‘g‘risida shunday tashkilotlar tomonidan berilgan hujjat mavjud bo‘lganda;
22) aksiyalar ommaviy joylashtirilganda korxonalar xodimlarining o‘z oylik ish haqidan va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan oshmaydigan, ushbu korxonalar xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘lari;
23) soliq to‘lovchilar ish haqining va boshqa daromadlarining soliq davri davomida qimmatli qog‘ozlarning mahalliy bozorida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan qismi, quyidagi barcha shartlar bajarilgan taqdirda:
- yo‘naltirilgan mablag‘larning jami summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yuz baravaridan oshmaydigan miqdorni tashkil etadi;
- pul mablag‘lari shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga birinchi marta o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘n ikki oy ichida qaytarib olinmaydi. Bunda oy davomida shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yigirma baravaridan oshishi mumkin emas;
- shaxsiy investitsiya hisobvarag‘idagi pul mablag‘laridan qimmatli qog‘ozlar olish uchun foydalaniladi.
Ushbu bandning shartlari buzilgan taqdirda, shaxsiy investitsiya hisobvarag‘idagi mablag‘larga to‘lov manbaida soliq solinishi lozim;
380-modda. Ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarning jami daromadini kamaytirish
Quyidagi soliq to‘lovchilar soliq solishdan qisman (daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar, ushbu qismning 3-bandida ko‘rsatilgan shaxslar uchun esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha) ozod etiladi:
- «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar.
- urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
- sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari va beva xotinlari (beva erlari).
- ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor yolg‘iz onalar.
- ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor hamda boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar.
- bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona.
Ushbu modda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Ijtimoiy soliq
E’tibor bering, Soliq kodeksining 403-moddasiga muvofiq ijtimoiy soliq solish obyekti ish beruvchining xodimlarga mehnatga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlari hisoblanadi.
Masalan, sovg‘alar yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun moddiy yordam ish beruvchining xodimlarga mehnatga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlari hisoblanmaydi va shunga mos ravishda ijtimoiy soliq bilan soliq solinmaydi.