2025 yil 10.12.2025 dagi UP №246 ga asosan, soya iqtisodiyotini qisqartirishga qaratilgan yangi qoidalar joriy etilmoqda.
Belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:
(a) import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining to‘qqiz oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning uch oy) davomida sotilmaganligi va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;
(b) ko‘chmas mulk obyektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
(v) O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmagan taqdirda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi;
(g) qurilish va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi va mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun muddatda shaxsiy kabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi;
(d) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, bunday tadbirkorlik subyektlarining ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
(j) kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda, soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi. Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi;
(z) sotuvchi tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya qilinganda, ushbu sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib, hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Belgilab qo‘yilsinki, sertifikatlash va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini soddalashtirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab bitta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat bir kalendar yildan oshmagan muddatga bir marotaba beriladi.
Transport vazirligi tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda 2026 yil 1 aprelga qadar yuk tashish va maxsus avtotransport vositalari xizmatlari hisobini onlayn yuritishni nazarda tutuvchi elektron platformaning ishlab chiqilishini ta’minlasin. Bunda:
(a) mazkur platformani ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlarni Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat etiladi;
(b) platformada quyidagi asosiy imkoniyatlar bo‘lishi nazarda tutiladi:
(i) jismoniy va yuridik shaxslarda mavjud yuk tashish va maxsus avtotransport vositalari hisobini olib borish;
(ii) aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan onlayn buyurtmalar berish va shartnomalar tuzish hamda to‘lovlarni amalga oshirish;
(iii) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xizmat ko‘rsatish turlari va to‘lov miqdorini mustaqil belgilash;
(iv) ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini baholab borish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasi, Soliq qo‘mitasi hamda Navoiy va Toshkent viloyatlari hokimliklarining 2026 yil 1 martdan boshlab soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida (keyingi o‘rinlarda — tajriba-sinov) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilanishicha, tajriba-sinov doirasida:
(a) jismoniy shaxslarning xarajatlari vazirlik va idoralardan olingan ma’lumotlar hamda soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovarlar (xizmatlar) xaridi bo‘yicha fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida hisoblanadi;
(b) maxsus elektron platforma orqali soddalashtirilgan tarzda deklaratsiya taqdim etish tartibi belgilanadi;
(v) yillik daromadlar va xarajatlarning raqamli ma’lumotlari asosida soliq bazasi aniqlashtiriladi. Bunda:
(i) daromadlar va xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, jismoniy shaxslarga soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali qo‘shimcha ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi;
(ii) aniqlashtirilgan soliq bazasi yuzasidan qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.