O‘zbekistonda ayollarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

2022 yil 07.03.2022 dagi UP №87 ga asosan, O‘zbekistonda ayollar uchun yordam va davlat qo‘llab-quvvatlashining bir nechta jihatlari hujjat bilan mustahkamlandi.

Belgilanib qo‘yilsinki, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab:
byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi;
mazkur yuridik shaxslarning ushbu band ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan xodimlar oldidagi majburiyatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘langan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.

Xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirilsin;
b) davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilsin;
v) xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha — 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha — 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib borilsin;
g) har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilsin;
d) mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin;
e) davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilsin.

Xotin-qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abdurahmanov):
ikki oy muddatda “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovini o‘tkazish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 10 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.

Qo‘mita, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Qo‘mita huzurida “Olima ayollar jamiyati”ni tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

2022 yil 1 iyundan boshlab davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
o‘quv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
malakani baholash markazlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf o‘quvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.

Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi;
“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

2022 yil 1 iyundan boshlab mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi o‘rinlarda — markazlar) tashkil qilinsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni barpo etish uchun har bir mahalladan 300 kvadrat metrgacha bo‘lgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki bo‘sh turgan davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida mahallalarga ajratsin;
markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan barpo etilishi nazarda tutilsin;
barpo etilgan markazlar mahallalar tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijraga berilsin.

Xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
a) 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilsin;
b) 2022 yil 1 apreldan boshlab uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan, jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtincha joylashtirish uchun ijtimoiy uy-joylarni “Xalqparvar” komissiyalari bilan kelishilgan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan sotib olishga ruxsat berilsin;
v) uy-joyga muhtoj, jumladan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi, lekin ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi “Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022 yildan boshlab zarur mablag‘lar ajratib borilsin;
ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb o‘rganish, mehnat qilish imkoniga ega bo‘lsa, mustaqil yoki Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida ishga joylashish bo‘yicha ijtimoiy majburiyatlarni yuklash tartibi joriy etilsin.

2022 yil 1 apreldan boshlab:
a) boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:
farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinsin;
3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Davlat byudjetidan subsidiyalar belgilangan tartibda ajratilsin;
b) to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilsin;
v) kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin.

Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V. Shin) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning “v” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Mazkur bandning uchinchi xatboshida nazarda tutilgan ota-onalar badalidan ozod qilingan tarbiyalanuvchilarning davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi oziq-ovqat xarajatlari to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilsin. (O‘zR Prezidentining 29.12.2023 y. PF-221-son Farmoniga muvofiq kiritilgan xatboshi)

Belgilansinki:
aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlari mavjud bo‘lganda, qarzdordan undirilgan mablag‘lar aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment to‘lovlari bo‘yicha joriy qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi;
aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvga e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.

Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida:
a) Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev) ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan 10 ming nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlarini Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga taqdim etsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bilan hamkorlikda 2022 yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda 2022–2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini jalb qilsin;
v) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar ajratilishini ta’minlasin:
yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga qo‘shimcha — 100 milliard so‘m;
nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash uchun Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga qo‘shimcha — 17 milliard so‘m;
barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi “Onko-nazorat” (“Cancer — nazorat”) ayollar ko‘rik xonalarini tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy vositalar bilan jihozlash uchun — 20 milliard so‘m;
9–12 yoshdagi 815 ming nafar o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi hamda 12 turdagi vaksinalar bilan emlash uchun — 200 milliard so‘m.

Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) 2022 yil 1 iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llamaslik;
ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majbur qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;
ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar