2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qarorga asosan, 2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlar yuborishga nisbatan yangi talablar joriy etiladi.
1. Reklama SMS-xabarlarini yuborish uchun qabul qiluvchining roziligi talab etiladi
2026-yil 1-noyabrdan reklama SMS-xabarlarini faqat qabul qiluvchining oldindan olingan yozma yoki elektron roziligi mavjud bo‘lgandagina yuborish mumkin bo‘ladi.
Ushbu talab SMS orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni reklama qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ya’ni mijozning telefon raqami mavjudligining o‘zi kompaniya unga reklama xabarlarini yuborish huquqiga ega ekanligini anglatmaydi.
SMS-marketingdan foydalanadigan kompaniyalar qabul qiluvchilarning roziligini olish va tasdiqlash tartibini nazarda tutishlari zarur.
2. Soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlar taqiqlanadi
Mobil aloqa orqali reklamani tarqatish vaqtiga cheklov joriy etiladi. Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini soat 18:00 dan 09:00 gacha tarqatish taqiqlanadi.
Ushbu cheklovni reklama kampaniyalarini rejalashtirishda, koll-markazlar faoliyatida va avtomatlashtirilgan SMS-xabarlar yuborishni sozlashda hisobga olish zarur.
3. Reklama xabarlarini tarqatish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalarga qo‘shimcha talablar
Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarni yuborish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina tegishli xizmatlarni ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi.
4. Abonentlar reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini bloklashlari mumkin bo‘ladi
Mobil aloqa operatorlariga abonent so‘roviga ko‘ra reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini to‘liq yoki qisman bloklashni ta’minlash majburiyati yuklatiladi.
5. Yangi talablarni buzganlik uchun javobgarlik
Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlar yuborishga qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanadi.
Bunday huquqbuzarliklar qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli choralarni qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
6. Kreditlar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash reklamalariga qo‘shimcha talablar joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Qarorda, shuningdek, jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan kreditlar, muddatli to‘lov va nasiyaga tovar sotish (nasия savdo) reklamalariga qo‘shimcha talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Xususan, reklama beruvchilar zimmasiga quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish majburiyatini yuklash taklif etilmoqda:
- Tovar, ish yoki xizmatning joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qo‘shimcha to‘lanishi kerakligi.
- Kredit yoki muddatli to‘lovni hisobga olgan holda xaridning yakuniy qiymati.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamasida, agar tegishli shartnoma tuzilayotgan paytda kelgusidagi samaradorlikni aniqlash imkoni bo‘lmasa, uning kafolatlari yoki va’dalaridan foydalanishni cheklash nazarda tutilmoqda.
Maqola muallifi Yevgeniya Son,
sertifikatlangan auditor,
Yaran Consulting buxgalteriya kompaniyasi rahbari.