Agar sizning roziligingizsiz sizning nomingizga onlayn kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa, nima qilish kerak?

2026-yil 21-apreldan boshlab MBning 3759-sonli qarori kuchga kiradi, u onlayn firibgarlikka duch kelgan fuqarolarni himoya qiladi.
Bugungi kunda sizning ishtirokingizsiz ham sizning nomingizga kredit rasmiylashtirilishi mumkin, buning uchun ma’lumotlarning sizib chiqishi yoki telefonga kirish imkoniyati yetarli.
Ammo yaxshi yangilik ham bor: endi sizda Markaziy bank darajasida mustahkamlangan rasmiy himoya mexanizmi mavjud.

Masofadan turib onlayn kredit (mikroqarz) ajratish jarayonida sodir etilgan frod holati natijasida foydalanuvchi nomiga onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilgan taqdirda foydalanuvchi mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qiladi.
Ichki ishlar organlari fuqaro (foydalanuvchi) tomonidan berilgan ariza asosida sodir etilgan frod holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlarini amalga oshiradi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlarida onlayn kredit (mikroqarz) frod holati natijasida rasmiylashtirilganligi aniqlanganda fuqaroning jabrlanuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sudning ajrimi onlayn kredit (mikroqarz)ni rasmiylashtirgan axborot tizimi (mobil ilova, veb-talqin va boshqalar) egasi bo‘lgan kredit tashkilotiga yuboriladi.

Kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilgan fuqaroning jabrlanuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi kelib tushgan kundan boshlab mazkur onlayn kredit (mikroqarz) va u bilan bog‘liq foizlar, neustoyka, jarimalarni hisoblashni hamda jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxsdan undirishni to‘xtatadi.

Kredit tashkiloti tomonidan onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirilishi va u bilan bog‘liq boshqa to‘lovlar jabrlanuvchidan undirilgan holatlarda ushbu to‘lovlar kredit tashkiloti tomonidan jabrlanuvchining bank kartasiga yoki u ko‘rsatgan hisobvaraqqa sudning qarori yoki ajrimi asosida qaytariladi.
Mazkur to‘lovlar sudning qarori yoki ajrimi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n besh kun muddatda amalga oshiriladi.

Kredit tashkiloti onlayn kredit (mikroqarz) ajratish bilan bog‘liq frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirish maqsadida:

  • dastlabki tergov va sudda fuqaroviy da’vogar sifatida ishtirok etadi;
  • ishda ayblanuvchi tariqasida jalb etilishi lozim bo‘lgan shaxs aniqlanganda moddiy zararni undan o‘z hisobiga undirish bo‘yicha talablarni kiritadi;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa harakatlarni amalga oshiradi.

Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda holat va dalillarni qayta tekshirish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlari yoki sudning qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit (mikroqarz) va u bilan bog‘liq foizlar, neustoyka, jarimalarni hisoblashni hamda jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxsdan undirishni davom ettiradi.
Kredit tashkiloti onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirish bilan bog‘liq frod holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar, o‘tkazilgan tekshiruv natijalari hamda qoplangan zararlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda Markaziy bankka elektron shaklda taqdim etadi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar