O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2024-yil 3-oktabrdagi 970-soniga asosan kreativ industriya sohasidagi faoliyatning qoidalari va tartibi belgilangan. Shu jumladan, kreativ industriya sohasini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida kreativ industriya parki (keyingi o‘rinlarda – kreativ park) tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Kreativ Park uchun soliq imtiyozlari
2025-yil 26-martdagi 61-sonli PF farmoniga asosan, 2025-yil 1-maydan 2031-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda kreativ park rezidentlariga quyidagi imtiyozlar taqdim etilgan:
- Ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lash;
- Rezidentlarni realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar)dan olingan daromad hajmidan qat’i nazar, aylanmadan soliq to‘lovchilari toifasiga kiritish. Bunda, rezidentlar o‘z xohishiga ko‘ra umumiy belgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tish huquqiga ega.
Terminlar
Kreativ industriya – ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek intellektual mulk ustuvorligiga asoslangan va iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyat turlarining majmui;
Kreativ industriya parki – O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksteritoriallik printsiplari asosida kreativ industriya sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faoliyat olib boradigan tashkiliy-huquqiy tuzilma;
Kreativ industriya subyektlari – kreativ mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar;
Kreativ iqtisodiyot – ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘i;
Kreativ mahsulot – kreativ iqtisodiyot sohasida iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shuningdek boshqa fuqaroviy-huquqiy bitimlar obyektlari.
Kreativ parkning vazifalari
- kreativ industriya sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- kreativ iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish;
- kreativ industriya parki rezidentlari uchun zarur resurslar va infratuzilmaning mavjudligini ta’minlash;
- kreativ industriya mahsulotlari aylanmasi va eksportini oshirish uchun ekotizimni rivojlantirish, shu jumladan elektron platformalar va onlayn bozorlarni yaratish hamda ularni xalqaro platformalarga integratsiya qilish;
- kreativ industriya sohalarida ish o‘rinlari yaratish;
- kreativ industriya sohalarida mehnat bozori tahlilini o‘tkazish va ushbu sohada kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan nazariy va amaliy bilim hamda ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirish;
- kreativ industriya sohalarida innovatsiyalar va ijodkorlikni rag‘batlantirish.
Kreativ park rezidenti kim bo‘lishi mumkin
Kreativ industriya parki rezidentlari bo‘lishi mumkin:
- kreativ industriya sohasida biznes-rejasi kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan ma’qullangan va
- yillik jami daromadining kamida sakson foizi kreativ industriya sohasidagi faoliyatdan olingan bo‘lgan kreativ industriya subyektlari.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar kreativ industriya parki rezidentlari bo‘la olmaydi.