Kasanachilarni ishga joylashtirayotgan ish beruvchilarga imtiyoz va preferensiyalar 

Prezidentning  23.62.23 yildagi  70- sonli ”Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid  qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kasanachilarni ishga joylashtirayotgan ish beruvchilarga imtiyoz va preferensiyalar beriladi.

  • Kasanachi sifatida jalb qilingan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga kasanachilik faoliyati uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar bilan birga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan imtiyoz va preferensiyalar ham qo‘llaniladi.
  • 2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 yanvarga qadar uch oydan ortiq muddatga o‘ttiz nafardan ziyod kasanachilarni belgilangan tartibda jalb qilgan va kasanachilik asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (ko‘rsatilgan xizmatlarni) realizasiya qilishdan olgan daromadlari jami daromadining 60 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun:

foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50 foizga kamaytirilgan holda, biroq tadbirkorlik sub’ekti tomonidan kasanachilarga to‘langan ish haqi miqdorining 1,5 baravaridan oshmagan miqdorda hisoblanadi;

davlat mulki ob’ektlaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlari 50 foiz miqdorida belgilanadi;

davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda byudjet buyurtmachilari tomonidan 50 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.

 E’tibor bering, bu holda, mazkur banddagi imtiyozlar o‘ttiz nafardan ortiq kasanachilar jalb qilingan davrga tatbiq etiladi.

  • 2023 yil 1 martdan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:

tadbirkorlik sub’ektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ular kasanachilikni tashkil etgan mahallalar joylashgan hududidan qat’i nazar ajratiladi

tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagi subsidiyalar ajratiladi:

2025 yil 1 yanvarga qadar kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda bir martalik;

kasanachilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda;

kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarini uch oygacha bo‘lgan muddatda qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha miqdorda.

  • 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 500 milliard so‘mi, shu jumladan kredit mablag‘lari  kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari tavsiyasi asosida tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun:

oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida har bir jalb qilingan kasanachi uchun 2 million so‘mgacha, biroq jami 300 million so‘mgacha yillik 14 foiz stavkada, 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga revol’ver kreditlar ajratiladi;

Jamg‘arma hisobidan har bir jalb qilingan kasanachi uchun 1 million so‘mgacha, biroq jami 150 million so‘mgacha 2 yilgacha muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.

Mazkur kredit va ssudalarni tadbirkorlik sub’ektlari talabiga binoan kasanachilarning bank kartalariga o‘tkazib berilishiga ruxsat berildi.

Yangiliklar va maqolalar

barcha maqolalar